Jajji iste’dodlar saralandi
Andijon shahridagi 43-davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida “Jajji nurli yulduzlar” tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Andijon viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tasarrufidagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari o‘rtasida iste’dodli va tashabbuskor bolalarning san’at va madaniyat sohasidagi iqtidorini yuzaga chiqarish, ijodiy salohiyatlarini rivojlantirish hamda xalq og‘zaki ijodi, milliy qadriyat va an’analarni targ‘ib etish maqsadida o‘tkazilgan tanlovda bolajonlar qo‘shiq, raqs, sahna ko‘rinishlari va folklor namunalari orqali o‘zlarining iste’dod va mahoratlarini namoyish etdi.


Tanlovda tuman shahar bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 16 ta jamoa ishtirok etdi. Jamoalarning chiqishlarida milliy urf-odat, qadriyat va xalq ijodiyoti namunalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tanlovning yakuniy natijalariga ko‘ra, Shahrixon tumanidagi 21-DMTTning “Shahrixon g‘unchalari” jamoasi birinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.
Tanlovda ikkinchi o‘rin Andijon shahridagi 69- DMTTning “Kelajak yulduzlari”, uchinchi o‘rin esa Izboskan tumanidagi 22- DMTTning “Besh qarsak” jamoalariga nasib etdi.


Tanlovning g‘olib va sovrindor jamoalari diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Tanlov bolajonlarning san’atga bo‘lgan qiziqishi, ijodiy qobiliyat va iste’dodlarini yuksaltirishga xizmat qildi.
Faxriddin Ubaydullayev,
O‘zA muxbiri