O‘zbekistonda ilk bor aerologik shar uchirildi
Buxoroda ilk bor zamonaviy meteorologik zond bilan jihozlangan aerologik shar muvaffaqiyatli uchirildi.
Ushbu parvoz O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati agentligi tomonidan amalga oshirildi. Mazkur loyiha mamlakatimiz gidrometeorologiya xizmatini rivojlantirish hamda atmosfera holatini o‘rganish imkoniyatlarini kengaytirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.
Yangi texnologiya atmosferaning yuqori qatlamlarida kechayotgan jarayonlar haqida yanada to‘liq ma’lumot olish imkonini yaratadi. Aerologik sharga o‘rnatilgan meteozond turli balandliklarga ko‘tarilish jarayonida havo harorati va namligi, atmosfera bosimi, shamolning tezligi hamda yo‘nalishi kabi asosiy ko‘rsatkichlarni real vaqt rejimida o‘lchab, yer usti qabul stansiyasiga uzatadi.
Olingan ma’lumotlar mutaxassislarga atmosferaning turli balandliklardagi holatini tahlil qilish va ushbu axborotdan sinoptik tahlillarni amalga oshirishda foydalanish imkonini beradi. Bu esa ob-havo prognozlari aniqligini oshirish va xavfli gidrometeorologik hodisalarni barvaqt aniqlashda alohida ahamiyat kasb etadi.
Bulardan tashqari, atmosfera holati to‘g‘risidagi ishonchli ma’lumotlar aviatsiya, qishloq xo‘jaligi, transport hamda iqtisodiyotning boshqa muhim tarmoqlarini meteorologik axborot bilan ta’minlash uchun zarur hisoblanadi. Iqlim o‘zgarishi va xavfli ob-havo hodisalari soni ortib borayotgan bugungi sharoitda Buxorodagi ushbu muvaffaqiyatli amaliyot sohani yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.
Hamroz Bayonov, O‘zA