Jahon chempionatining "E" guruhidan joy olgan jamoalar turnir davomida foydalanadigan liboslarini taqdim etdi
"E" guruhidan joy olgan Germaniya, Kurasao, Kot-d’Ivuar va Ekvador terma jamoalari mundial uchun o‘z liboslarini namoyish etdi.
Joriy yilning iyun va iyul oylarida bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionatida ishtirok etadigan barcha terma jamoa qanday brendlar ostidagi libosda harakat qilishi aniq bo‘ldi. Ushbu turnirning "E" guruhidan joy olgan Germaniya, Kurasao, Kot-d’Ivuar va Ekvador terma jamoalari mundial uchun o‘z liboslarini namoyish etdi.
Bu guruhning birinchi termasi Germaniya jamoasi turnir davomida Adidas tomonidan ishlab chiqilgan liboslarda harakat qiladi. Nemislarning uy libosi oq rangda bo‘lib, uning ko‘krak qismida qora, qizil va sariq ranglardan iborat V shaklidagi dizayn mavjud. Bu ranglar Germaniya bayrog‘ini ifoda etadi. Libosning yeng va yoqa atroflariga esa ingichka qora va qizil chiziqlarda ishlov berilgan.

Germaniyaliklarning ikkinchi libosi to‘q ko‘k rangda ishlangan. Formaning yuzasiga mayda takrorlanuvchi geometrik naqshlar bilan bezatilgan. Libosning yoqa qismi V shaklda ishlangan bo‘lib, u och yashil va oq rang kombinatsiyalari bilan ajratilib qo‘yilgan. Kiyimning yeng qismida ham shunaqa rangdagi kombinatsiyasi mavjud.

Guruhning ikkinchi termasi debyutantlardan biri hisoblangan Kurasao jamoasi ushbu musobaqa davomida Adidas brendi ostidagi liboslardan foydalanadi. Kruasao termasining uy libosi ko‘k rangda bo‘lib, hech qanday naqshlarsiz oddiy dizaynda ishlangan. Formaning yeng qismiga esa ikkita oq chiziq bilan ishlov berilgan.

Kurasaoning safar libosi och sariq hisoblanadi. Bu libos ham birinchi forma kabi hech qanday naqshlarsiz oddiy dizaynda ishlangan. Kiyimning yoq qismi V shaklda bo‘lib, ko‘k rang bilan ajratilib qo‘yilgan. Libosning yelka qismidan qizil, yashil, va to‘q sariq ranglardan iborat uchta chiziq o‘tkazilgan. Shuningdek, yengining past qismi ko‘k rang bilan ajratilib qo‘yilgan.

Guruhning uchinchi jamoasi Kot-d’Ivuar termasi ushbu turnirga Puma tomonidan ishlangan liboslarda tashrif buyuradi. "Fillar"ning uy libosi yorqin to‘q sariq rangda bo‘lib, bu jamoaning an’anaviy rangi hisoblanadi. Libosning ustki qismi leopard terisiga o‘xshash mayda, naqshlar bilan bezatilgan. Shuningdek, formaning ikki yon tomoniga yashil rangli chiziq bilan ishlov berilgan.

Kot-d’Ivuar terma jamoasining safar libosi oq rangda ishlangan. Formaning oldi qismida och yashil va och to‘q sariq ranglarda gulga o‘xshagan, quyosh nuri shakldagi naqshlarda bor. Shuningdek, formaning yuqori qismidan yashil rangda vertikal chiziqlardan iborat dizayn ham mavjud.

Guruhning so‘nggi ishtirokchisi Ekvador termasi ushbu mundialda Marathon brendi tomonidan ishlab chiqilgan liboslardan foydalanadi. Ekvadorliklarning uy libosi sariq rang hisoblanadi. Forma juda sodda va ortiqcha naqshlarsiz ishlangan. Libosning yoqa, yeng va ikki yon tomoniga to‘q ko‘k ranglarda ishlov berilgan.

Ekvadorning safar libosi to‘q ko‘k rangda yaratilgan. Formaning yoqa qismi klassik uslubdagi V shaklda ishlangan. Libosning ikki yon tomonidan esa naqshlar bilan ishlangan chiziqlar o‘tkazilgan.
