Jahon chempionati tarixi. Italiya-1934
1934-yilda Italiya mezbonlik qilgan ikkinchi mundial tarixiga yuzlanamiz.
Futbol bo‘yicha Jahon chempionati bahslari deyarli 100-yildan buyon o‘tkazib kelmoqda. 1934-yilda Italiya mezbonlik qilgan ikkinchi mundial tarixiga yuzlanamiz.

1934-yilda Italiyaning 8ta shahri 2-jahon chempionatiga mezbonlik qilgan. 4ta konfederatsiyaning 16ta terma jamoasi mundial g‘olibligi uchun bahs olib borgan. Jahon chempionati turniri 27-maydan 10-iyunga qadar davom etgan edi. Bellashuvlar Milan, Rim, Turin, Neapol, Florensiya, Bolonya, Jenoa hamda Triesta da joylashgan stadionlarda o‘tkazilgan. Musobaqa pley-off tizimida bo‘lib o‘tgan. Nimchorak final bahslarida Ispaniya, Vengriya, Italiya, Avstriya, Chexoslavakiya, Shveysariya, Germaniya va Shvetsiya terma jamoalari raqiblaridan ustun kelib, chorak final yo‘llanmasiga ega chiqqan edi. Ushbu bosqichdan boshlab turnir o‘zining qizg‘in pallasiga yetib kelgan. Chorak finalda Italiya terma jamoasi Ispaniyani qo‘shimcha vaqtlarda urilgan gol evaziga mag‘lub etib, yarim final chiptasini qo‘lga kiritgan. Avstriya Vengriyani, Germaniya esa Shvetsiyani 2:1 hisobida mag‘lub etgan holda, keyingi bosqichga yo‘l olgan. Chorak finalning so‘nggi bahsida Chexoslavakiya terma jamoasi Shveysariyani musobaqadan chiqarib yuborgan.

Yarim finalda italyanlar Avstriyani minimal hisobda mag‘lub etib, turnir g‘olibligi uchun kurashni davom ettiradigan bo‘ldi. Ikkinchi juftlikda esa Chexoslavakiya Nedlining xet-trigi evaziga Germaniyani mag‘lub etgan. 3-o‘rin uchun kechgan bahsda nemislar Avstriyadan ustun kelgan. Musobaqa chempionini aniqlab bergan final bahsi Rimda bo‘lib o‘tgan. Uchrashuvda mezbon Italiya terma jamoasi Chexoslavakiyani qo‘shimcha bo‘limlarda urilgan gol evaziga 2:1 hisobida mag‘lub etib, jahon chempionligini qo‘lga kiritgan. Shu tariqa, mezbonlar turnirning oltin medallariga ega chiqqan. Mos ravishda, Chexoslavakiya kumush, Germaniya esa bronza medallarini qo‘lga kiritgan.

Musobaqa davomida 17ta uchrashuvda umumiy 70ta gol urilgan.