Jahon chempionatida maxsus zaryadlanadigan to'plardan foydalaniladi
Uning batareya quvvati 6 soatlik faol ishlashga yetadi.
Texnologiyalar shu darajaga yetdiki, to‘p panellaridan biriga o‘ta yengil datchik o‘rnatildi. Uning batareya quvvati 6 soatlik faol ishlashga yetadi. Stadion perimetri bo‘ylab joylashtirilgan 12 ta kamera bilan sinxronlashtirilgan ushbu tizim to‘pga bo‘lgan har bir teginishni qayd etadi va ma’lumotlarni soniyasiga 50 marta tezlikda VAR (videoassistent hakam) tizimiga uzatadi. Bu esa gol va ofsayd (o‘yindan tashqari holat)larni lahzalarda aniqlash imkonini beradi. Futbolchilarga ushbu innovatsiya mutlaqo sezilmaydi, biroq hakamlar brigadasiga ulkan ko‘mak bo‘lishi aniq. Bir tomondan, bu juda ajoyib, chunki endilikda hakamlarning qo‘pol xatolari tufayli kelib chiqadigan janjallar va virtual chiziqlar borasidagi bahs-munozaralar keskin kamayadi. Ammo, baribir, sevimli o‘yinimiz borgan sari qandaydir his-tuyg‘ulardan xoli kibersportga aylanib borayotgandek degan tuyg‘udan xalos bo‘lish qiyin.