Jadidlarning millat taqdirini o‘zgartirgan g‘oyalari
9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashida O‘quv, tadqiqot va tahlil markazi tashabbusi asosida “Jadidlar haqida haqiqatlar: millat taqdirini o‘zgartirgan g‘oyalar” mavzusida tadbir tashkil etildi. Unda tarixchi olimlar Bahrom Irzayev, Muslimbek Alijonov, partiya vakillari va yoshlar ishtirok etdi.
Tadbirda olimlar jadidchilik harakati, uning tarixiy ahamiyati, milliy uyg‘onish, ma’rifatparvarlik va istiqlol g‘oyalarini shakllantirishdagi o‘rni haqida to‘xtaldi. Bu borada olib borilayotgan ilmiy izlanishlar, tarixiy haqiqatlarni bugungi yosh avlod vakillariga yetkazish va keng targ‘ib etish masalalariga e’tibor qaratdi.

Bahrom Irzayev jadidlarning asosiy bosh g‘oyasi ozod va obod, birlashgan Turkiston, Turon ekanini ta’kidlab, ular tomonidan tashkil etilgan teatrlar, gazeta va maktablar, kutubxonalar shu nom bilan atalganini qayd etdi. O‘sha davrda Buxoroning kichik hujralari, Samarqand va Toshkent maktablarida tor doirada muhokama qilingan bu g‘oya bugun dunyoda keng muhokama qilinayotganini e’tirof etdi.

Jumladan, mamlakatimizda davlat rahbari boshchiligida jadidchilik harakati namoyandalarining millat ma’rifatliligi yo‘lidagi harakatlarini keng o‘rganish, tadqiq etish, ularning nomlarini tiklash va oqlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlarga urg‘u berildi. Jadid bobolarimizning millat manfaati yo‘lidagi ilg‘or g‘oya va qarashlaridan bugun ham samarali foydalanish, ularning vatanparvarligidan namuna olish lozimligi qayd etildi.
Tadbir davomida jadidlarning millat taqdirini o‘zgartirishga qaratilgan g‘oya va qarashlari haqida batafsil ma’lumotlar berilar ekan, o‘z navbatida, ishtirokchilarning bu boradagi savollariga ham batafsil javoblar qaytarildi.


Muhtarama Komilova, O‘zA