Moliyaviy firibgarlikka uchraganda kimga murojaat qilinadi?
Huquqiy munosabat
Telefoningizga siz qilmagan pul o‘tkazmasi haqida xabar keldi. Yoki firibgar o‘zini bank xodimi deb tanishtirib, sizni pul o‘tkazishga ishontirdi. Balki mobil ilovangizdagi akkauntni boshqa shaxs egallab oldi. Yoki siz umuman kredit olmagan bo‘lsangiz-da, nomingizga onlayn kredit rasmiylashtirildi. Bunday vaziyatda odamning birinchi savoli odatda bitta bo‘ladi: endi kimga murojaat qilishim kerak va pulim qaytariladimi? Avvalo, bir narsani tushunish muhim: kundalik hayotda yuqoridagi holatlarning barchasini “firibgarlik” deb ataymiz, lekin huquqiy jihatdan ular bir xil emas. Shu sababli har bir vaziyatda qilinadigan harakat ham farq qilishi mumkin.
Toshkent davlat yuridik universiteti Huquqni sohalararo o‘rganish ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi Sardor Xushvaqtov bu borada quyidagilarni ma’lum qildi:
– Bu sohadagi asosiy hujjatlardan biri O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 2026-yil 21-yanvarda 3759-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan “Kredit va to‘lov tashkilotlari, to‘lov tizimi operatorlari tomonidan jismoniy shaxslarga masofadan moliyaviy xizmatlar ko‘rsatishda axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlikni ta’minlash hamda frod holatlarining oldini olish bo‘yicha minimal talablar to‘g‘risidagi nizom”dir.
Mazkur nizom 2026-yil 22-apreldan kuchga kirgan. Nizomda “frod” axborot texnologiyalaridan foydalanib sodir etilgan firibgarlik va yoki o‘g‘irlik holatlari sifatida belgilangan.
Yuqoridagidek holatda eng avvalo, operatsiya amalga oshirilgan moliyaviy tashkilotga xabar berish kerak. Agar muammo bank kartasi, hisobvaraq, kredit yoki bankning mobil ilovasi bilan bog‘liq bo‘lsa, tegishli bank yoki boshqa kredit tashkilotiga murojaat qilinadi. Agar pul to‘lov tashkilotining mobil ilovasi orqali o‘tkazilgan bo‘lsa, aynan shu to‘lov tashkilotiga murojaat qilish kerak. Buning sababi oddiy: operatsiya haqida to‘liq ma’lumot birinchi navbatda aynan xizmat ko‘rsatgan tashkilotda mavjud bo‘ladi.
3759-son Nizomga ko‘ra, kredit va to‘lov tashkilotlarining mobil ilovalarida foydalanuvchi uchun “Firibgarlik haqida xabar berish” imkoniyati bo‘lishi kerak. Unda shaxs va sodir bo‘lgan holat haqida zarur ma’lumotlarni yuborish ko‘zda tutilgan. Muhim jihati shundaki, bunday murojaat pul avtomatik ravishda qaytariladi degani emas. U hodisani rasmiy qayd etish va tashkilot tomonidan tegishli o‘rganishni boshlash uchun zarur.
“Bir kun” qoidasi nimani anglatadi? Foydalanuvchi o‘z qurilmasi yo‘qolganini, uning ustidan begona shaxs nazorat o‘rnatganini yoki o‘z roziligisiz operatsiya amalga oshirilganini aniqlasa, tashkilotni kechiktirmasdan xabardor qilishi juda muhim.
3759-son Nizomda kredit va to‘lov tashkilotlari o‘z shartnomalari hamda ommaviy ofertalarida bunday holatlar haqida zudlik bilan, biroq bir kundan kechiktirmay xabar berish majburiyatini belgilashi nazarda tutilgan. Shuning uchun “avval barcha skrinshotlarni yig‘aman, keyin bir necha kundan so‘ng murojaat qilaman” degan yondashuv to‘g‘ri emas. Avval tashkilotga xabar berish, so‘ng mavjud dalillarni to‘plash maqsadga muvofiq. Ichki ishlar organlariga qachon murojaat qilish kerak? Agar hodisada firibgarlik yoki boshqa jinoyat alomatlari mavjud bo‘lsa, bank yoki to‘lov tashkilotiga xabar berish bilan cheklanib qolmaslik kerak. Bunday holatda ichki ishlar organlariga rasmiy murojaat qilish lozim.
Ichki ishlar vazirligining amaldagi rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, 102 hamda 1102 qisqa raqamlari mavjud. Shuningdek, murojaatni shaxsan yoki elektron tarzda yuborish mumkin. Bank operatsiya va hisobvaraq bilan ishlaydi. Ichki ishlar organlari esa jinoyat alomatlarini tekshiradi va aybdor shaxsni aniqlash bilan bog‘liq protsessual choralarni amalga oshiradi. Shuning uchun ularning vazifalarini bir-biri bilan aralashtirmaslik kerak. Imkon qadar operatsiya cheki, SMS va mobil ilova xabarlari, firibgar bilan yozishmalar, telefon raqami, yuborilgan havolalar, skrinshotlar, pul olgan shaxsga oid mavjud ma’lumotlar va hodisa sodir bo‘lgan vaqtni saqlab qolish foydali.
Pulni o‘zingiz yuborgan bo‘lsangiz-chi? Bu eng ko‘p chalkashlik tug‘diradigan masalalardan biri. Bir holatda siz umuman operatsiya qilmagansiz: pul sizning roziligingizsiz o‘tkazilgan. Boshqa holatda esa firibgar sizni aldagan, lekin pul o‘tkazish tugmasini siz o‘zingiz bosgansiz va operatsiyani o‘zingiz tasdiqlagansiz. Ikkala holatda ham firibgarlik alomatlari bo‘lishi mumkin, biroq ular moliyaviy tashkilot tomonidan bir xil baholanmaydi. Shuning uchun “men firibgarga pul yubordim, demak bank uni avtomatik qaytarib berishi shart” degan umumiy qoida mavjud emas. Qanday operatsiya amalga oshirilgani, uni kim tasdiqlagani va hodisaning boshqa holatlari o‘rganiladi. Sizning nomingizga onlayn kredit rasmiylashtirilgan bo‘lsa-chi?
Bu holat uchun qonunchilikda alohida va ancha aniq mexanizm mavjud. Agar siz olmagan bo‘lsangiz-da, firibgarlik natijasida sizning nomingizga onlayn kredit yoki mikroqarz rasmiylashtirilgan bo‘lsa, ichki ishlar organlariga ariza berish kerak. Tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv yoki dastlabki tergov jarayonida kredit firibgarlik natijasida rasmiylashtirilgani aniqlanib, shaxs jabrlanuvchi deb e’tirof etilsa, tegishli protsessual hujjat kreditni rasmiylashtirgan kredit tashkilotiga yuboriladi. Shundan so‘ng kredit tashkiloti tegishli onlayn kredit yoki mikroqarz, unga hisoblanayotgan foizlar, neustoyka va jarimalarni hisoblashni hamda ularni jabrlanuvchidan undirishni to‘xtatadi.
Mazkur maxsus tartib 3759-son Nizomda bevosita nazarda tutilgan. Agar jabrlanuvchidan bunday kredit bo‘yicha pul avval undirilgan bo‘lsa, uni qaytarish uchun ham alohida tartib mavjud. Tegishli mablag‘lar sud qarori yoki ajrimi asosida, sud hujjati qonuniy kuchga kirganidan keyin belgilangan muddatda qaytariladi. Bu juda muhim farq: bankka “bu kreditni men olmaganman” deb xabar berishning o‘zi qarzni avtomatik bekor qilish uchun yetarli emas. Qonunchilik tegishli huquqiy jarayonni belgilagan.
Bank masalani hal qilmasa, Markaziy bankka murojaat qilinadimi? Agar masala kredit yoki to‘lov tashkilotining faoliyati, uning harakati yoki harakatsizligi, moliyaviy xizmat ko‘rsatish tartibi yoki qonunchilik talablariga rioya qilishi bilan bog‘liq bo‘lsa, fuqaro O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankiga murojaat qilishi mumkin. Biroq Markaziy bank jinoyatni tergov qilmaydi.
U moliyaviy bozorni tartibga soluvchi va nazorat qiluvchi organ hisoblanadi. Iste’molchi sifatidagi huquqlaringiz buzilsa-chi? Agar masala moliyaviy yoki to‘lov xizmatidan foydalanuvchi sifatidagi huquqlaringiz bilan bog‘liq bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga ham murojaat qilish mumkin. Qo‘mitaning jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bo‘yicha Call-markazi – 71-207-48-00, qisqa raqami 1159. Demak, qaysi biriga murojaat qilish kerak?
Aslida bitta firibgarlik holati bir vaqtning o‘zida bir nechta tashkilot vakolatiga tegishli bo‘lishi mumkin. Moliyaviy tashkilot – operatsiya, karta, hisobvaraq va o‘z xizmatini ko‘rib chiqadi. Ichki ishlar organlari jinoyat alomatlarini tekshiradi. Markaziy bank moliyaviy tashkilotlar faoliyatining qonunchilik talablariga muvofiqligi bilan bog‘liq masalalarni ko‘radi. Iste’molchilar huquqlarini himoya qiluvchi organ – fuqaroning xizmat iste’molchisi sifatidagi huquqlarini himoya qiladi.
Sud esa tegishli huquqiy nizolar va qonunda aynan sud hujjati talab qilinadigan masalalarni hal qiladi. Shuning uchun moliyaviy firibgarlikka uchraganda eng muhim savol “faqat kimga qo‘ng‘iroq qilaman?” emas, balki “men bilan aynan nima sodir bo‘ldi?” degan savoldir. Hodisaning turini to‘g‘ri aniqlash qaysi huquqiy mexanizmdan foydalanishni ham belgilab beradi.
Eng muhimi esa – vaqtni yo‘qotmaslik. Firibgarlik aniqlansa, operatsiya o‘tgan moliyaviy tashkilotga darhol xabar berish, jinoyat alomatlari bo‘lsa, ichki ishlar organlariga murojaat qilish va barcha mavjud ma’lumotlarni saqlab qolish kerak. Moliyaviy xavfsizlik faqat bank yoki to‘lov tashkilotining vazifasi emas. Foydalanuvchining ham o‘z huquqlarini va favqulodda vaziyatda qanday harakat qilishni bilishi himoyaning muhim qismidir.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA