Istiqlolimizning o‘ttiz besh yilligi keng nishonlandi
Nukus shahridagi markaziy Amfiteatrda yurtimiz mustaqilligining o‘ttiz besh yilligiga bag‘ishlangan “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” g‘oyasi ostida bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Amanbay Orinbayev so‘zga chiqib, xalqimizni eng ulug‘, eng muqaddas ayyom – yurtimiz mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi bayrami bilan muborakbod etdi.

Ta’kidlanganidek, bu yilgi mustaqillik bayrami “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” degan chuqur ma’noli g‘oya ostida o‘tkazilishi ko‘p millatli xalqimizni – ona Vatanimizni yanada ravnaq toptirish yo‘lida birlashtirib, barchani ezgu ishlarga ruhlantirmoqda. Ayniqsa, bayram munosabati bilan shahar va tumanlarda, shuningdek, mahallalarda “Mustaqillik to‘yi” festivallari ko‘tarinki ruhda o‘tkazilgani, xalqimizning bugungi turmushidan roziligini ta’minlash yo‘lida bir qator amaliy chora-tadbirlar olib borilgani bayramga yanada ko‘tarinki ruh va xalqimizga yuqori kayfiyat bag‘ishladi.

So‘nggi yillarda Prezidentimiz rahbarligida barcha hududlar qatori Qoraqalpog‘istonda ham keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilib, yurtimizni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada davlatimiz rahbari tomonidan Qoraqalpog‘iston uchun alohida qabul qilingan bir qator muhim farmon va qarorlari xalqimizga munosib turmush sharoitini yaratishga mustahkam asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

Shuning bilan birga yurtimizda kichik biznes va tadbirkorlik, sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi kabi sohalarda qator investitsion loyihalar amalga oshirildi. Buning natijasida yangi ish o‘rinlari yaratilib, qator yirik ishlab chiqarish korxonalari, ko‘plab ijtimoiy ob’ektlar ishga tushirildi.

Tantanali bayram tadbiri konsert dasturi bilan davom etdi. Dasturdan joy olgan san’at ustalari va yosh iqtidor egalari ijrosidagi Vatan, do‘stlik, tinchlik va totuvlik, yoshlik haqidagi qo‘shiqlar va raqslar yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
Mamlakatimiz mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi Orolbo‘yining barcha shahar va tumanlarida keng nishonlanmoqda.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri