Harbiylarga bayram tuhfas
Mamlakatimiz mustaqilligining 35 yillik bayrami munosabati bilan Jalaquduq tumanida chegara qo‘shinlari vzvodi uchun ma’muriy bino hamda harbiy xizmatchilar uchun barpo etilgan xizmat uylari foydalanishga topshirildi.
Harbiy xizmatchilar, ularning oila a’zolari, faxriylar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirokida o‘tgan tadbirda so‘z olgan Andijon viloyati hokimi, harbiy-ma’muriy sektor rahbari Shuhratbek Abdurahmonov va boshqalar tomonidan mamlakatimizda Prezidentimiz tashabbusi bilan milliy armiyamizning jangavor salohiyatini yuksaltirish, harbiy xizmatchilarning xizmat va yashash sharoitlarini yaxshilash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganligi ta’kidlandi.
Tadbir ishtirokchilari yangi barpo etilgan, zarur talablar asosida jihozlangan, zamonaviy vzvod ma’muriy binosi, shuningdek, harbiy xizmatchilar uchun barpo etilgan xizmat uyi, mavjud infratuzilma ob’ektlarida yaratilgan shart-sharoit va qulayliklar bilan yaqindan tanishdi.


Yangi uyning keng va yorug‘ xonadonlarida yashovchilar uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Bundan tashqari, alohida isitish tizimi, uy oldida sport va bolalar maydonchasi, suhbatgohlar barpo etilgan.
Yurtimizda amalga oshirilayotgan bu kabi xayrli ishlar yurt himoyachilari va ularning oila a’zolariga bo‘lgan yuksak e’tiborning yuksak namunasi bo‘lish bilan birga, harbiy xizmatchilarni Vatanga sadoqat bilan xizmat qilishga chorlaydi, milliy armiyamiz jangovar salohiyatini yuksaltirish va mamlakatimiz sarhadlari himoyasiga bo‘lgan mas’uliyatni yanada oshiradi.



Yangi barpo etilgan ma’muriy bino va xizmat uylari harbiy xizmatchilar uchun haqiqiy bayram tuhfasi bo‘ldi.
Faxriddin Ubaydullayev,
O‘zA muxbiri