Istiqlol yillarida yoshlar siyosati yuksak darajaga chiqdi
“Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” — mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi aynan shu bosh g‘oya asosida keng shodiyona qilinmoqda. Ushbu g‘oya zamirida yurtimizning barcha sohada bosib o‘tgan shonli tarixi, buguni va ertasi mujassam. Davlatimiz, jamiyatimiz hamda insonlar hayotida bo‘y ko‘rsatgan tub o‘zgarishlar va kelajakka bo‘lgan ishonch o‘z aksini topgan.
Istiqlol yillari, ayniqsa, yurt yoshlari hayotida o‘chmas va yorqin sahifa yaratdi. Yoshlar siyosati doirasidagi sa’y-harakatlar va yigit-qizlarimizni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan islohotlar xususida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti raisi Otabek Sobitov o‘z mulohazalarini bildirdi:
— Bugun mustaqil O‘zbekiston 35 yillik shonli tarixini nishonlayapti. Yangi O‘zbekiston — bu kechagi O‘zbekiston emas. Bugun inson huquqlari, ularning manfaatlari birinchi o‘ringa qo‘yilgan. Shu maqsadda davlat va jamiyatda muhim islohotlar amalga oshirilmoqda. Bugungi bo‘layotgan o‘zgarishlarning natijasi yurtimizning ertangi rivojlanishiga xizmat qiladi.

O‘tgan yillar davomida mamlakatimizda parlamentarizm, inson kapitali, shaxsni rivojlantirish, jamiyat va davlatning muhim bosqichlarida yoshlarning fikrlarini inobatga olishga alohida ahamiyat qaratildi.
Mamlakatimizning rivojlanish yo‘lida juda katta hissa qo‘shayotgan yoshlar vakillari ko‘payib bormoqda. Bugun jamiyat va davlatda yoshlar manfaatlari birinchi o‘ringa chiqarildi. Alohida “Yoshlar daftari”, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” tizimi shakllangani, bu tizim orqali esa mamlakatimizda ijtimoiy qatlamga alohida e’tibor qaratilayotgani buning yorqin misoli.
“Yangi O‘zbekiston yoshlari — 2030” strategiyasi qabul qilingani hamda ularni qo‘llab-quvvatlashga alohida ahamiyat berilayotgani, yangilangan Konstitutsiyamizda yoshlar borasida alohida bob va moddalar kiritilgani yoshlar huquqlari mustahkamlab qo‘yilganidan dalolat.
Bundan tashqari, 2020-yilda Prezidentimiz tashabbusi bilan Oliy Majlisning har ikkala palatasi huzurida Yoshlar parlamenti instituti tashkil etildi. Yoshlar parlamenti bu nafaqat mamlakatimiz yoshlarining ovozi parlamentda yangrashiga, balki ularning g‘oyalarini parlament minbarlariga olib chiqishga xizmat qiladi va bu jarayonda yoshlar bugun faol ishtirok etishyapti.
O‘zbekistonning Yoshlar parlamenti instituti Markaziy Osiyo davlatlarida ham alohida qiziqish uyg‘otmoqda. Masalan, Toshkentda O‘zbekiston — Qirg‘iziston yosh parlamentariylari forumi ilk marotaba o‘tkazilgan bo‘lsa, yaqinda Issiqko‘lda ikkinchi forum o‘tkazildi. O‘zbekiston andozasi asosida Qirg‘iz Respublikasida ham Yoshlar parlamenti tashkil etildi. Qirg‘iz Respublikasi Yoshlar kengashi deputatlari tomonidan bir qator muhim takliflar ilgari surildi. Ularning Kengashi bizning platformamizga juda katta qiziqish uyg‘otdi.
Endi bu shaklni Markaziy Osiyo darajasiga ko‘tarib, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston hamda Ozarbayjon mamlakatlari ishtirokida “Markaziy Osiyo+Ozarbayjon” formatini tashkil etishni oldimizga maqsad qilib qo‘yganmiz.
Bugun milliy parlamentimizda yoshlar faol ishtirok etishyapti, qonunchilik jarayonida, yalpi yig‘ilishlarda qatnashishyapti. Qonunlarni qabul qilishda takliflar, tashabbuslar berishyapti. Umuman, yosh parlamentariylarni qo‘llab-quvvatlash — bu O‘zbekistonning o‘ziga xos namunasi. Bu esa xalqaro jamoatchilik tomonidan iliq kutib olinyapti.
Bir so‘z bilan aytganda, mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosati doirasidagi islohotlar yurtimiz kelajagi bo‘lgan yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularni islohotlar jarayoniga keng jalb etish, iqtidorini yuzaga chiqarishda muhim omil bo‘lmoqda.
Muhtarama Komilova yozib oldi.
O‘zA