Istiqlol qadimgi ilmiy boyligimizni zamonaviy ilmiy maydonga olib chiqdi
Sayyoramizda shunday go‘shalar borki, ularning tuprog‘ida o‘tmish nafasi, bugunning bunyodkorlik ruhi va kelajak umidi bir-biri bilan uyg‘unlashadi. Surxondaryo ana shunday zamin. Bu hudud faqat O‘zbekistonning janubiy darvozasi emas, balki asrlar davomida ilm, ma’rifat va tafakkur rivojlangan qadimiy tamaddun o‘chog‘i sifatida ham alohida ahamiyatga ega bo‘lib kelgan.
Bugun mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichida Surxondaryoning tarixiy va ma’naviy salohiyati yangicha mazmun kasb etmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar bir tomondan ajdodlar merosini tiklash va chuqur o‘rganishga, ikkinchi tarafdan zamonaviy, bilimli, mustaqil fikrlaydigan va bag‘rikeng avlodni tarbiyalashga xizmat qilmoqda. Bu jarayonning mohiyatini bir jumla bilan ifodalash mumkin: kechagi buyuk meros – bugungi ma’rifat – ertangi taraqqiyot.
Davlatimiz rahbari ilgari surgan Yangi O‘zbekiston g‘oyasi markazida inson va uning qadr-qimmati turadi. Vaholanki, insonning ma’naviy dunyosi bilimi, tarbiyasi, ma’rifat va sog‘lom dunyoqarashi bilan chambarchas bog‘liq. Shu bois diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni faqat diniy ta’limni rivojlantirish yoki tarixiy obidalarni ta’mirlash bilan cheklab bo‘lmaydi. Bu jamiyatning ma’naviy immunitetini mustahkamlash, yoshlarni turli yot g‘oyalardan asrash, diniy masalalarda to‘g‘ri va ishonchli bilim berish, bag‘rikenglik va o‘zaro hurmat muhitini kuchaytirishga qaratilgan keng qamrovli jarayondir.

Surxondaryo haqida so‘z borganda, avvalo, Termiz nomi ko‘z oldimizga keladi. Bu shahar nafaqat qadimiy tarix va betakror arxeologik yodgorliklari, balki buyuk allomalari bilan ham mashhur.
Ana shunday ulug‘ zotlardan biri – Imom Abu Iso Muhammad Termiziy. Ul zotning hadis ilmi rivojiga qo‘shgan hissasi islom olamida beqiyos o‘rin tutadi. Allomaning ilmiy merosi asrlar osha o‘z qadrini yo‘qotmay kelayotgani ham bejiz emas. Chunki unda insonni ezgulikka, halollikka, odob-axloqqa, ilmga va komillikka chorlovchi g‘oyalar mujassam.
Istiqlolning keyingi yillarida Imom Termiziy merosining qayta va chuqur o‘rganilayotgani Surxondaryodagi diniy-ma’rifiy islohotlarning eng yorqin namunasi, erkin va ozod hayotimiz mevasi. Bu boradagi ishlar tarixni shunchaki eslash emas, balki undan kelajak uchun ma’naviy kuch olishga qaratilgan.
Ajdodlar merosini o‘rganishning eng katta ahamiyati shundaki, u yosh avlodga o‘z tarixini anglash imkonini beradi. Bugun Termiz zaminida Imom Termiziy, Hakim Termiziy va boshqa termiziy buyuk allomalar ilmiy merosining keng o‘rganilayotgani yoshlar uchun katta ma’naviy maktab vazifasini bajarmoqda. Tarixni bilgan yosh o‘zligini chuqurroq anglaydi. O‘zligini anglagan inson begona va yot g‘oyalarga ko‘r-ko‘rona ergashmaydi.
Shu ma’noda diniy-ma’rifiy islohotlarning eng katta natijasi faqat yangi markazlar, ilmiy anjumanlar yoki ta’lim muassasalari bilan emas, balki ilmga intilayotgan, tarixini biladigan, Vatan taqdiriga befarq bo‘lmagan yoshlar bilan o‘lchanadi.

Surxondaryoda diniy-ma’rifiy yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar orasida ilmiy-tadqiqot markazi va diniy ta’lim muassasalarining faoliyati alohida o‘rin tutadi. Xususan, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi allomaning boy merosini o‘rganish, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish va Termiz hadis maktabining jahon ilm-fanidagi o‘rnini keng targ‘ib qilishga xizmat qilmoqda. Xalqaro ilmiy konferensiyalar, ilmiy tadqiqotlar, xorijiy mutaxassislar bilan hamkorlik va allomalar asarlarini tadqiq etish Surxon zamininning qadimiy ilmiy salohiyatini zamonaviy ilmiy maydonga olib chiqmoqda.
Xalqimizning boy tarixiy, ilmiy, ma’naviy me’rosini har tomonlama o‘rganish, jahon hamjamiyatiga keng tanitish, eng muhimi islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berish uchun Termiz shahrida 2020-yil “Imom Termiziy” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi tashkil etildi. Diniy ta’lim sohasidagi xayrli ishlarning uzviy davomi sifatida 2024-2025 o‘quv yilidan Imom Termiziy nomidagi islom instituti ochilib, ta’limning uzviyligi va uzluksizligi ta’minlandi. Mazkur institutda islom ilmlari, xadis ilmi va arab tili yo‘nalishlari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanmoqda.
Ayni paytda Surxon vohasida bir joyda uchta diniy-ma’rifiy maskan ya’ni, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, “Imom Termiziy” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi va Imom Termiziy nomidagi islom institutining faoliyat yuritayotgani qadimiy voha xalqining asriy orzularini ruyobga chiqardi. “Qur’oni karim va tajvid” kursining tashkil etilgani voha ahlining diniy-ma’rifiy sohadagi ilmga ehtiyojini qondirib, Qur’oni karim qiroatidan dastlabki saboqlarni o‘rganishga qulay muhit yaratdi.
Hozirda, qadimiy va hamisha navqiron Surxondaryoda ajdodlardan meros qolgan ilmni chuqur o‘rganib asrash, uni zamon bilan uyg‘unlashtirib va kelajak avlodga yanada boyitib yetkazish uchun barcha sharoit yaratildi. Bu borada amalga oshirilayotgan barcha ishlar mamlakatimizda diniy va dunyoviy ilmlarni mukammal o‘rganishga qaratilayotgan e’tiborning amaldagi ifodasidir.
Kamol Islamov,
“Imom Termiziy” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi direktori