Istanbulda kurash va o‘zbek jang san’ati jozibasi namoyish etiladi
Bugun, 21-may kuni Turkiyaning Istanbul shahrida “An’anadan kelajakka” shiori ostida VIII Etnosport va madaniyat festivali boshlandi.
Kecha mazkur nufuzli sport festivalida ishtirok etish uchun O‘zbekiston sport delegatsiyasi Turkiyaga yetib bordi.
Festival an’anaviy sport turlari va milliy o‘yinlar, hunarmandchilik ko‘rgazmalari, gastronomik zonalar, teatrlashtirilgan tomoshalar va ijodiy uchrashuvlarni qamrab olishi nazarda tutilgan.
Agar 2025-yilda festivalga bir million kishi tashrif buyurgan bo‘lsa, bu yil tashkilotchilar tashrif buyuruvchilar sonini 1,5 millionga yetkazishni maqsad qilgan.
Festival doirasidagi sport musobaqalarida kurash va o‘zbek jang san’ati bo‘yicha musobaqalar o‘tkaziladi.
24-mayga qadar davom etadigan festival musobaqalarida mamlakatimizning 26 nafar sportchisi o‘z mahoratini namoyish etadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA