Istanbul ko‘rgazmasi: O‘zbekiston mahsulotlari uchun yangi bozorlar
Istanbuldagi Fuar markazida “F Istanbul-2026” xalqaro oziq-ovqat ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Oziq-ovqat va ichimliklardan tashqari qandolat, shokolad, quruq va danakli mevani qadoqlash hamda oziq-ovqat ishlab chiqarish texnologiyalarini qamrab olgan mazkur tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad – ishlab chiqaruvchilarni importchilar, distribyutorlar va yirik xaridorlar bilan bog‘lash.
O‘zbekiston kompaniyalari vakillari uchun bu maydon mahsulotni nafaqat namoyish etish, balki to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy xaridorga taklif qilish, shuningdek talabni o‘rganish, eksport shartini muhokama qilish imkonini ham berdi.
Xususan, quruq meva mamlakatimizning agrar salohiyatini, “Chortoq” ma’danli suvi tabiiy resurs va milliy brend imkoniyatini, “Fursat Food” yangi tayyor mahsulot yaratish tajribasini namoyish etdi. “Fine Gold” muzqaymog‘i esa tashrif buyurganlarda eng ko‘p qiziqish uyg‘otgan mahsulotlardan biri bo‘ldi.

“Fine Gold” ayvonida mahsulotni tatib ko‘rish va taqdim qilingan turlar bilan tanishish mumkin edi. Korxona rahbari Sirojiddin Ramziddinov bizga ishlab chiqarish hajmi, mahsulot rang-barangligi va ko‘rgazma natijasi xususida so‘zlab berdi:
– “Lyuks Krem” korxonasida ishlab chiqarish yil boshida yo‘lga qo‘yildi. Hozir kuniga har biri 20-24 donadan iborat 500 to‘p muzqaymoq chiqaryapmiz.
Ayniqsa “Gold” va “Silver”, eskimo mahsulotlari, sirop hamda shokoladli turlar xaridorgir. Birgina eskimo yo‘nalishi sakkiz xilga bo‘lingan. Garchi,ushbu anjumanda ilk bor ishtirok etayotganimizga qaramay, Turkiya va arab davlatlaridan kelgan ko‘plab tadbirkorlar mahsulotlarimizga jiddiy qiziqish bildirishdi. Allaqachon 15 jamoa bilan shartnoma imzoladik.

O‘zbekistonning “Ayyub Natural Dry Fruits Export LLC” quruq meva ishlab chiqaruvchi kompaniyasi yil davomida mahsulotini 51 mamlakatga eksport qilgan. Korxona xodimi tayyor tovarlar asosan mahalliy, ya’ni Samarqandda yetishtirilgan xom ashyodan tayyorlanishiga urg‘u berdi. Mahsulot quritiladi, qayta ishlanadi va qadoqlanadi. Bu yo‘nalishda eksportning asosiy afzalligi yurtimizda yetishtirilgan mahsulotni tayyor va standart tovar sifatida tashqi bozorga chiqarishdir.
“Fursat food”: O‘zbek mevasidan yangi mahsulot

Toshkentdagi “Fursat Food” kompaniyasi an’anaviy xom ashyoni o‘zgacha shaklda taklif qiladi. Korxona rahbari Sardor Otaqulov aytishicha, jamoa mevali choy va quritilgan mevadan tabiiy shirinlik tayyorlaydi. Xom ashyo asosan mahalliy: o‘rik, mayiz, yong‘oq va o‘zbek limoni. Qadoq yuzasida “Crafted in Uzbekistan with Love” – “O‘zbekistonda mehr bilan ishlab chiqarilgan” yozuvi tushirilgan. Turklardan tashqari Koreyadan kelgan tadbirkorlar ham ushbu mahsulotga alohida qiziqish bildirdi.
Chortoq ma’danli suvi: tabiiy manbadan xalqaro brendgacha

O‘zbekiston ayvonidagi e’tiborli mahsulotlardan yana biri – o‘sha mashhur brendimiz “Chortoq Mineral Water. Kompaniya tijorat direktori T.Tohirov bir necha davlat ishbilarmonlari bilan muzokara olib borilayotganini ma’lum qildi.
– Maqsadimiz – milliy mahsulotimizni yangi bozorlarga olib chiqish, – deydi u. – Angliya, Hindiston, Iordaniya va Qozog‘istonda hamkorlarimiz bor. Mahsulotimiz mineralga boy, shifobaxsh. Eksport uchun turli shaklda qadoqlash uslubimiz logistika talabi va jahon standartiga to‘liq javob beradi.
“F Istanbul” ko‘rgazmasida mahsuloti bilan qatnashayotgan korxonalar uchun eng muhim natija stendga tashrif soni emas, balki keyingi bosqichda tuziladigan eksport shartnomalaridir. Bir korxonamiz quruq meva eksport qilmoqda. Boshqasi mevadan yangi shirinlik yaratmoqda. Uchinchisi mineral suvni brend sifatida taklif qilmoqda. “Fine Gold” esa muzqaymoq bilan tashqi bozorga chiqish imkoniyatini sinab ko‘rmoqda.
Istanbuldagi to‘rt kunlik uchrashuvlardan keyin aynan shu – muloqotlarning qanchasi amaliy buyurtma va mahsulot jo‘natmasiga aylanishi o‘zbek ishlab chiqaruvchilari uchun haqiqiy natijani belgilaydi.
Mahsulotlarimiz ko‘rsatildi. Navbatdagi vazifa xalqaro bozorga muvaffaqiyatli chiqish.
Nodira Qayumova,
Turkiya, Istanbul