Narzi boboning shuhrati
Vatanimiz mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan bir guruh fidoyi yurtdoshlarimiz, jumladan, yuz yoshdan oshgan nuroniylar davlat mukofotlari bilan taqdirlandi. Ular orasida payariqlik 101 yoshli Narzi Qurbonov ham bor. Prezidentimiz farmoniga ko‘ra, otaxon “Shuhrat” medaliga sazovor bo‘ldi.
Samarqand viloyati hokimi A.Boboyev Mustaqillik bayrami arafasida Narzi boboning xonadoniga borib, yuksak davlat mukofoti va viloyat hokimligining sovg‘alarini topshirdi.
Narzi Qurbonov 1925-yilda Payariq tumanida tug‘ilgan. Bolaligi og‘ir damlarga to‘g‘ri kelgani bois suyagi mehnatda qotgan. Yoshligidan dalada ishlagan, shu bilan birga oilaviy hunarmandchilik an’anasini davom ettirib, beshik yasash bilan shug‘ullangan. Sobiq ittifoq davrida hunarmandlarning ham emin-erkin ishlashi uchun imkoniyat bo‘lmasa-da, u ota-bobolari ishini davom ettirishga intildi. Yana ko‘plab yoshlarga, farzandlariga bu hunar sirlarini o‘rgatdi. Muhimi, halol mehnat qilib turmush kechirish, ro‘zg‘or tebratishda o‘z farzandlari, qo‘ni-qo‘shnilariga ibrat bo‘ldi.
Qariyb o‘ttiz yoshida Xosiyat Qurbonova bilan oila qurib, birgalikda 5 nafar farzandni kamolga yetkazdi. Ayni paytda otaxon 22 nafar nabira, 55 nafar evara va 8 nafar chevaraning sevimli bobosi, Choshtepa mahallasining eng yoshi ulug‘ insoni sifatida qishloq ahlining maslahatgo‘yi.
Viloyat hokimi Narzi bobo bilan suhbatlashib, u kishining zahmatli mehnatlari Prezidentimiz tomonidan e’tirof etilgani yurtimizda keksa avlod vakillariga bo‘lgan e’tibor namunasi ekanligini ta’kidlab, bu borada amalga oshirilayotgan islohotlarga to‘xtaldi.
[gallery-31164]
O‘z navbatida Narzi Qurbonov ham bu yuksak e’tibordan minnatdor bo‘lganini bildirib, duo qildi.
– Mendek bir keksa insonga shunday hurmat-ehtirom ko‘rsatgan Prezidentimizga, rahbarlarimizga ming rahmat, – dedi Narzi bobo. – Ular ham mening yoshimga kirib, doim elimiz ardog‘ida bo‘lsinlar. Yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalikka ko‘z tegmasin, O‘zbekistonimiz yanayam obod bo‘lsin!
Otaxonning xonadonidagi samimiy suhbat ko‘ngillarni yanada ravshan qildi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari