Issiqxonalarda suvni tejaş va hosildorlikni oşirişning ilmiy yeçimlari sinalmoqda
"BMB Agro" korxonasi issiqxonalarida çerri pomidori, bulğor qalampiri va sarimsoqpiyoz yetiştiriş böyiça yangi agrotexnologik sinovlar boşlandi. "BMB Holding" ilmiy xodimlari bilan hamkorlikda ötkazilayotgan tajribalar suv resurslarini tejaş va hosildorlikni oşirişga xizmat qiladi.
Bu haqda korxona matbuot xizmati maʼlum qildi.
Bugun mazkur issiqxonalarda çerri pomidori, bulğor qalampiri, sarimsoqpiyoz, karamning turli navlari hamda boşqa sabzavot ekinlari parvarişlanmoqda. Bu jarayon mahsulot assortimentini boyitiş bilan birga, bir maydonning özida turli ekinlarni yetiştiriş imkoniyatlarini örganişga ham yöl oçmoqda.
Aslida, issiqxona xöjaligida ekin turlarini köpaytirişning özi yetarli emas. Har bir ösimlikning biologik xususiyatlari, ösiş şaroiti, parvarişlaş talablari va hosildorlik imkoniyatlarini çuqur örganiş talab etiladi. Aks holda, yangi yönalişdan kutilayotgan iqtisodiy samaraga erişiş qiyinlaşadi.
Şu bois “BMB Agro” mutaxassislari bu işlarni “BMB Holding” tizimidagi ilmiy xodimlar bilan hamkorlikda amalga oşirmoqda. Mutaxassislar turli ekinlarning rivojlaniş jarayonlarini kuzatmoqda. Uşbu kuzatuvlar asosida ekinlarni yetiştirişning eng maqbul usullarini aniqlaş böyiça sinov-tajribalar ötkazilmoqda. Bunda nazariy bilimlarni bevosita işlab çiqariş jarayoni bilan uyğunlaştirişga alohida eʼtibor berilmoqda.

Bu yondaşuvning ahamiyati şundaki, ilmiy kuzatuvlar orqali muayyan ekin uçun qaysi agrotexnik usul samarali ekanini aniqlaş mumkin. Olingan natijalar esa kelgusida işlab çiqariş jarayonini takomillaştirişga xizmat qiladi. Şuningdek, bu parvarişlaş xarajatlarini maqbullaştiriş va hosildorlikni oşiriş uçun asos böladi.
Ayniqsa, suv resurslaridan tejamkor foydalaniş masalasi mamlakatimizda yuritilayotgan izçil agrar siyosat va işlab çiqariş amaliyotida dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Çunki suv taʼminotidagi har qanday uziliş yoki ortiqça sarf nafaqat xarajatlarga, balki yetiştirilayotgan mahsulot hajmi va sifatiga ham taʼsir körsatişi mumkin. Şu nuqtai nazardan, “BMB Agro” issiqxonalarida resurslarni oqilona boşqarişga qaratilgan tajribalar muhim ahamiyatga ega.
Zamonaviy issiqxona xöjaligi uçun yer, suv va mehnat resurslaridan samarali foydalaniş özaro boğliq vazifalardir. Ekinlarni ilmiy asosda joylaştiriş, ularning parvarişini töğri taşkil etiş va işlab çiqariş jarayonini muntazam tahlil qiliş iqtisodiy natijadorlikka bevosita taʼsir qiladi. Şuning uçun har bir yangi ekin turi nafaqat agronomik, balki iqtisodiy nuqtai nazardan ham baholanişi lozim.
“BMB Agro”da olib borilayotgan tajribalarning istiqbolli jihati ham şunda. Bir tomondan, mahsulot turlarini köpaytiriş orqali korxonaning bozor imkoniyatlarini kengaytiriş közda tutilgan. Ikkinçi tomondan, ilmiy izlanişlar asosida resurs sarfini kamaytiriş va işlab çiqariş samaradorligini oşirişga zamin yaratilmoqda.

Albatta, har qanday agroinnovatsiyaning haqiqiy qiymati uning amaliyotda bergan natijasi bilan belgilanadi. Şu bois bugungi sinovlarning samaradorligini hosildorlik, mahsulot sifati, suv sarfi va iqtisodiy körsatkiçlar asosida baholaş muhimdir. Bunday tahlil kelgusida qaysi texnologiyalarni keng joriy etiş maqsadga muvofiqligini belgilab beradi.
Qişloq xöjaligida raqobatbardoşlikka erişiş uçun faqat mavjud imkoniyatlardan foydalaniş emas, ularni yangi bilim va texnologiyalar bilan boyitib boriş ham zarur. “BMB Agro” issiqxonalarida yölga qöyilgan tajribalar ana şu maqsadga qaratilgani bilan eʼtiborlidir. Zero, bugun ilmiy izlaniş va amaliy tajribaga tayangan har bir taşabbus ertangi işlab çiqariş samaradorligining muhim omiliga aylanişi mumkin.
Abdujalol Qayumov,
ÖzA muxbiri