Issiqxonada yangi texnologiyalar: xalqaro tajriba O‘zbekistonga kirib kelmoqda
Qishloq xo‘jaligida yuqori hosildorlikka erishish endi faqat ko‘proq mahsulot yetishtirish bilan emas, balki suv, energiya va boshqa resurslardan oqilona foydalanish, zamonaviy texnologiyalarni amaliyotga keng joriy etish bilan ham bog‘liq.
Shu nuqtai nazardan, issiqxona xo‘jaligini texnologik jihatdan yangilash muhim vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda.
Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Alisher Shukurov Ispaniyaning “Globaltec” kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazib, zamonaviy issiqxona texnologiyalarini O‘zbekiston sharoitiga tatbiq etish masalalarini muhokama qildi.
Uchrashuvda fermerlarni zamonaviy texnologiyalar bo‘yicha o‘qitish, xorijiy ilg‘or tajribalarni o‘rganish va ularni mahalliy xo‘jaliklarga moslashtirishga alohida e’tibor qaratildi.
Ta’kidlanganidek, tomonlar o‘rtasida avval ham rasmiy muloqotlar o‘tkazilib, o‘zaro anglashuv memorandumi imzolangan. Hamkorlik doirasida fermerlarni zamonaviy issiqxona texnologiyalari bo‘yicha tayyorlash dasturi ham ishlab chiqilgan.
Muhokamalar davomida yuqori texnologiyali issiqxona komplekslarini tashkil etish, o‘simliklarni suv va ozuqa moddalari bilan ta’minlashda samarali yechimlardan biri bo‘lgan fertigatsiya texnologiyasini joriy qilish, issiqxona tizimlarini quyosh energetikasi bilan integratsiyalash masalalari ko‘rib chiqildi.
E’tiborli jihati, issiqxona texnologiyalari bo‘yicha o‘quv-amaliy markaz tashkil etish tashabbusi ham ilgari surildi. Bunday markaz fermerlar uchun faqat nazariy bilim olish maskani emas, balki yangi texnologiyalarni amalda sinab ko‘rish maydoniga aylanishi mumkin.
Markazda fermerlarga zamonaviy issiqxona uskunalari va texnologiyalaridan foydalanish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazish, yangi yechimlarni xo‘jaliklarda sinovdan o‘tkazish va samaradorligi isbotlangan tajribalarni keng joriy etish rejalashtirilmoqda.
Bu esa issiqxona xo‘jaliklarida suv va energiya sarfini maqbullashtirish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish hamda fermerlarning zamonaviy agrotexnologiyalarni o‘zlashtirishi uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Mutaxassislarning bilim va ko‘nikmasini oshirish, ilg‘or texnologiyalarni amaliyot bilan bog‘lash va samarali tajribalarni ommalashtirish orqali O‘zbekistonda issiqxona xo‘jaligini yangi bosqichga olib chiqish maqsad qilinmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA