Issiqlik elektr stansiyasida nazorat tadbirlari olib borilmoqda
“Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyati tizimida birinchilardan bo‘lib 2024-2025-yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rishga kirishildi. Xususan, Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanida joylashgan “To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasi” korxonasining quvvati 450 MVt bo‘lgan 1-sonli bug‘-gaz qurilmasida “O‘zbekenergota’mir” aksiyadorlik jamiyati va Yaponiyaning “Mitsubishi Heavy Industries” kompaniyasi mutaxassislari ishtirokida nazorat ishlari boshlandi.
Stansiyasining “1-BGQ” yonish kamerasi qurilmalarida aniqlangan barcha nosozliklarni bartaraf etish rejalashtirilgan.
Nazorat tadbiriga jami 155 nafar, shu jumladan, “Mitsubishi Heavy Industries” kompaniyasidan 11 nafar, Yaponiyaning “Kobelco” kompaniyasidan bir nafar texnik konsultant, “O‘zbekenergota’mir” va “O‘zenergosozlash” korxonalaridan 55 nafar tajribali mutaxassis, qolaversa, turdosh korxonalar – Farg‘ona IES, Sirdaryo IES, Talimarjon IES korxonalaridan yetakchi mutaxassislar hamda To‘raqo‘rg‘on IESning o‘zidan 60 nafar xodim jalb qilingan.

Nazorat tadbirlari davomida energoblokning belgilangan standartlar talablariga muvofiqligini ta’minlash maqsadida bug‘ va gaz turbinalari, qozon utilizatori, yordamchi qurilmalarda ta’mirlash ishlarini olib borish hamda ularning parametrlarini o‘rganish va tekshirish kabi muhim ishlar bajarilishi ko‘zda tutilmoqda.

– Joriy kuz-qish mavsumida energoblokning bir maromda hamda ishonchli ishlashini ta’minlash, energoqurilmalar va uskunalarda kelib chiqishi mumkin bo‘lgan nuqsonlarning o‘z vaqtida oldini olish muhim ahamiyatga ega, – deydi “To‘raqo‘rg‘on IES” bosh muhandisi vazifasini bajaruvchisi Ashur Abdullayev. – Iste’molchilarga uzluksiz elektr energiyasi yetkazib berish nazorat tadbirlaridan ko‘zlangan asosiy maqsaddir.

Darhaqiqat, kuz-qish mavsumining bir maromda o‘tishini ta’minlashga qaratilgan tadbirlar rejasi asosidagi nazorat ishlari joriy yilning 23-apreliga qadar olib boriladi.
Oqilxon Dadaboyev,
O‘zA muxbiri