Zamonaviy tibbiyot maskani ochildi
9-may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan yurtimiz bo‘ylab ezgu qadriyatlar, inson sha’ni va xotirasi ulug‘lanayotgan shu fayzli kunlarda Jizzax viloyatining olis hududlaridan biri — Baxmal tumanidagi Madaniyat mahallasi ahli uchun yana bir quvonchli voqea yuz berdi. Mahallada yangi zamonaviy tibbiyot maskani foydalanishga topshirildi.
Ushbu qutlug‘ tuhfa, ayniqsa, chekka hududda istiqomat qiluvchi aholi uchun katta qulaylik va beqiyos g‘amxo‘rlik namunasi bo‘ldi. Endi fuqarolar tibbiy xizmatdan foydalanish uchun uzoq manzillarni bosib o‘tishga ehtiyoj sezmaydi.

Barcha zamonaviy talablar asosida barpo etilgan mazkur tibbiyot maskani bir vaqtning o‘zida 50 nafargacha fuqaroga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega. Muassasa ilg‘or tibbiy uskunalar, zarur jihozlar va qulay shart-sharoitlar bilan ta’minlangan bo‘lib, bu yerda aholi salomatligini muhofaza qilish uchun barcha imkoniyatlar muhayyo etilgan.

Eng muhimi, mazkur tibbiyot maskanining ishga tushirilishi inson qadrini ulug‘lash, aholi salomatligini mustahkamlash va tibbiy xizmatlar qamrovini yanada kengaytirishga qaratilgan islohotlarning amaliy ifodasi bo‘ldi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA