Islohotlar inson manfaatlariga xizmat qilmoqda
Mamlakatimizda o‘sib kelayotgan yosh avlodning sog‘lom va barkamol insonlar bo‘lib voyaga yetishi, Vatan ravnaqi, uning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini oshirishga munosib hissa qo‘shishga qodir insonlar bo‘lib ulg‘ayishi uchun barcha imkoniyat yaratilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining saylangan Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Konstitutsiyamiz qabul qilinganining yigirma to‘rt yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasi joylarda katta qiziqish bilan o‘rganilmoqda
Davlatimiz rahbari 2017-yilni mamlakatimizda Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb e’lon qildi. Shu munosabat bilan qabul qilinadigan Davlat dasturidan yoshlarimizni sog‘lom va barkamol etib tarbiyalash masalasi alohida o‘rin egallashini, bu borada yoshlar uchun zarur sharoitlar yaratish, yangi-yangi ta’lim-tarbiya, madaniyat, san’at va sport maskanlarini barpo etish, yosh oilalar uchun uy-joylar qurish, yoshlarni ish bilan ta’minlash, ularni tadbirkorlik sohasiga keng jalb etish bo‘yicha boshlangan ishlar yangi, yuksak bosqichga ko‘tarilishini alohida ta’kidladi.
Mamlakatimizda o‘sib kelayotgan yosh avlodning sog‘lom va barkamol insonlar bo‘lib voyaga yetishi, Vatan ravnaqi, uning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini oshirishga munosib hissa qo‘shishga qodir insonlar bo‘lib ulg‘ayishi uchun barcha imkoniyat yaratilmoqda. Har bir o‘g‘il-qiz sportga qadam qo‘yar ekan, chempion bo‘lish, jahon sport arenalarida Vatanimiz sharafini himoya qilish orzusi bilan yashaydi. Uning iqtidoriyu mahorati o‘z vaqtida qo‘llab-quvvatlansa, sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun sharoit va imkoniyatlar yaratilsa, harakatlari hech qachon zoye ketmaydi.
Yurtimizning barcha hududlarida, hatto, eng chekka qishloqlarida ham zamonaviy sport majmualari barpo etilgan. Yoshlarning sport bilan shug‘ullanishi uchun zarur sharoit yaratilgan. Chempion bo‘laman, deb intilgan iqtidor egasi borki, e’tibordan chetda qolmaydi. Bular biz, yoshlarning manfaatlarimiz, ezgu orzularimiz ro‘yobiga xizmat qilmoqda.
Ta’lim tizimidagi uch bosqichli uzluksiz sport musobaqalari – “Umid nihollari”, “Barkamol avlod” va Universiada o‘yinlari millionlab sportsevar yoshlarni birlashtirish, ularning sevimli musobaqasiga aylanishi barobarida xalqaro sport arenalarida Vatanimiz sharafini himoya qilishga qodir yoshlarning iqtidor va salohiyatini yuzaga chiqarmoqda.
Ma’ruzada yurtimizdagi har qaysi inson, har qaysi oilaning eng ezgu orzu-maqsadlari, hayotiy manfaatlari, avvalambor, uning farzandlari timsolida namoyon bo‘lishi, ro‘yobga chiqishi, bu borada yurtimizda ulkan ishlar qilinayotgani va ular amalda o‘zining ijobiy natijasini berayotgani alohida ta’kidlandi.
Darhaqiqat, yoshligida sportga qiziqib, lekin bugungiday sharoit, o‘z iqtidorini namoyon etish uchun imkoniyat bo‘lmagani uchun orzulari ushalmay qolib ketgan ota-onalarimiz bugun orzulari ijobatini farzandlari timsolida ko‘rmoqda.
Joriy yilda Braziliyada o‘tkazilgan Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida sportchilarimiz 44 medal, jumladan, 12 oltin medalni qo‘lga kiritgani mamlakatimiz hayotida tarixiy voqea bo‘ldi. Mazkur nufuzli xalqaro musobaqalar sovrindorlari orasida men ham borligimdan, Vatanimiz sharafini munosib himoya qilishdek ulkan baxtga muyassar bo‘lganimdan xursandman.
Olimpiya o‘yinlarida qatnashishning o‘zi bir baxt bo‘lsa, unda shohsupaga ko‘tarilish, senga ko‘z tikib turgan xalqing va murabbiylaring ishonchini oqlash, ikki hissa baxtdir.
Bellashuvlar oson kechgani yo‘q. Lekin biz, sportchilar Vatan sha’nini himoya qilish, yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘tarishni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘ydik va bu bizga katta kuch-g‘ayrat bag‘ishladi.
Vatanimiz mustaqilligining 25-yilligi arafasida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning farmoniga muvofiq “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi” faxriy unvoni bilan taqdirlanganim kamtarona xizmatlarim davlatimiz tomonidan yuksak baholanganidan dalolatdir.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar inson manfaatlari, uning ezgu orzulari ro‘yobiga, huquq va erkinliklarini, tinch-osoyishta, baxtli va farovon hayot kechirishini ta’minlashga xizmat qilmoqda. Bu xalqimiz, ayniqsa, yoshlarni ona Vatanga muhabbat, uning ravnaqi va yuksalishiga daxldorlik hissi bilan yashashga undaydi.
Ixtiyor Navro‘zov,
Erkin kurash bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi,
XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlari sovrindori,
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi.