Islohotlar har bir mahallada aks etmoqda
Mamlakatimizda yoshlar siyosati sohasida olib borilayotgan islohotlar har bir mahalla va xonadon kesimida o‘z aksini topmoqda. Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan hayotiy tashabbuslar ijrosini ta’minlash, yigit-qizlar uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlarni joylarda targ‘ib etish hamda ularning istiqbolli g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida tuzilgan Respublika ishchi guruhining Toshkent viloyatidagi manzilli o‘rganishlari yakunlandi.
Viloyatning chekka hududlarini ham qamrab olgan ushbu jarayon davomida minglab yoshlarning muammolari tinglandi, bandlik va tadbirkorlik masalalariga amaliy yechim topildi.
Xususan, Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev viloyat hududlarida bo‘lib, joylarda yigit-qizlar tomonidan erishilayotgan amaliy natijalar va ularning taklif-tashabbuslari bilan yaqindan tanishdi. O‘rganishlar davomida faoliyat yuritayotgan yosh tadbirkorlar bilan muloqotlar o‘tkazilib, ularning ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohasidagi muammolari hamda imkoniyatlari o‘rganildi.

Shuningdek, axborot-kutubxona markazida o‘tkazilgan ochiq muloqotda talaba-yoshlar tomonidan startap va raqamlashtirish, ta’lim, ilm-fan hamda qishloq xo‘jaligiga oid loyihalar taqdim etildi va ularni amalga oshirish bo‘yicha mas’ullar biriktirildi.

“Rahbar va yoshlar” uchrashuvida yigit-qizlarning murakkab masalalari va tashabbuslari bevosita tinglanib, tegishli yechimlar belgilandi. Tashriflar davomida zamonaviy issiqxonalar, “Ko‘mak” loyihasi hamda egar va etik tayyorlash, yog‘och o‘ymakorligi bilan shug‘ullanuvchi yosh hunarmandlar faoliyati ham ko‘zdan kechirildi.

Hunarmand yoshlarning loyihalarini kengaytirish, ishlab chiqarish hajmini oshirish va yangi ish o‘rinlari yaratish maqsadida vositachi jamg‘arma va banklar orqali imtiyozli moliyaviy ko‘mak ajratish hamda loyihalarni qo‘llab-quvvatlash choralari belgilandi. Hududlardagi o‘rganishlardan asosiy maqsad — eng chekka mahallalardagi yoshlarning ham muammolarini hal etish va ularni qo‘llab-quvvatlashdan iborat bo‘ldi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA