Ishsizlikka qarshi amaliy qadam
Yoshning ish topishi — nafaqat daromad manbaiga ega bo‘lishi, balki mustaqil hayot kechirishi, o‘z kuchiga ishonishi va kelajak rejalarini amalga oshirishi uchun ham muhim. Biroq mehnat bozoriga ilk qadam qo‘yayotgan yigit-qizlar uchun munosib ish o‘rnini topish, kasbiy yo‘nalishini belgilash va o‘z salohiyatini namoyon etish har doim ham oson kechmaydi. Shu bois yoshlarni ish beruvchilar bilan yuzma-yuz uchrashtirish, ishlab chiqarish korxonalaridagi imkoniyatlar bilan tanishtirish va ularning bandligini ta’minlashga ko‘maklashish muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 11-sentabrdagi «Barqaror ish o‘rinlarini yaratish va kichik biznesni jadal rivojlantirish orqali aholi daromadlarini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmonida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida Sirdaryo viloyatida ishsiz yoshlar va bitiruvchilarni mehnat faoliyatiga jalb etish, ularga barqaror daromad manbaini topishda ko‘maklashish borasida amaliy ishlar olib borilmoqda.


Viloyat hokimligi, Yoshlar ishlari boshqarmasi, Soliq boshqarmasi, tuman va shahar hokimliklari hamda hamkor tashkilotlar ishtirokida tashkil etilgan tashriflar yoshlarga mehnat bozoridagi imkoniyatlarni bevosita o‘rganish, ish beruvchilar bilan muloqot qilish va qiziqishlariga mos kasbni tanlash imkonini berdi. Ular yirik korxonalardagi ish jarayonlari, mavjud bo‘sh ish o‘rinlari, mehnat sharoitlari va ishga qabul qilish talablari bilan tanishdi.


Jumladan, Sirdaryo va Sayxunobod tumanlaridan kelgan 150 nafarga yaqin yosh Sirdaryo tumanidagi Haqiqat mahallasida joylashgan «Peng Sheng» va «Sirdaryo Mega Lyuks» korxonalariga, shuningdek, Xovos tumanidagi «Zamon teks 24» ishlab chiqarish korxonasiga tashrif buyurdi. Ular ishlab chiqarish jarayonlarini kuzatishib, korxonalarda ish boshlash shartlari va mavjud vakansiyalar haqida ma’lumot olishdi. Bu yoshlarga ish izlashda nazariy ma’lumotlar bilan cheklanib qolmasdan, ishlab chiqarish muhiti bilan bevosita tanishish imkonini yaratdi.



Sirdaryo tumanidagi uchrashuvda esa tuman hokimi Azizbek Turdimurodov va Sirdaryo viloyati soliq boshqarmasi boshlig‘i Suhrob Tavboyevlar ham ishtirok etishdi. Muloqot davomida yoshlar bandligini ta’minlash bilan bir qatorda, ularning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, mustaqil daromad manbaini yaratish uchun mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish masalalariga ham e’tibor qaratildi.

— Yoshlar uchun bo‘sh ish o‘rinlari ham, tadbirkorlikni boshlash maqsadida banklardan tijorat kreditlarini olish imkoniyatlari ham mavjud. Eng muhimi, insonda jasorat va qat’iyat bo‘lishi kerak. «Men ish boshlayman, o‘z ustimda ishlayman, til o‘rganaman, qo‘shimcha kasb egallayman» degan maqsad bilan harakat qilgan yoshlar, albatta, natijaga erishadi. Biz ana shunday jasoratli, tashabbuskor yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz. Har bir sirdaryolik yoshning fikrini eshitish, muammolarini o‘rganish va ularni bartaraf etishga ko‘maklashishga tayyor ekanimni bilinglar, — dedi Azizbek Turdimurodov.

Darhaqiqat, bandlik masalasini faqat bo‘sh ish o‘rinlarini taklif qilish bilangina hal etib bo‘lmaydi. Yoshlarning o‘z ustida ishlashi, zamonaviy kasblarni egallashi, xorijiy tillarni o‘rganishi va tadbirkorlikka intilishi ham muhim. Buning uchun ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, mavjud imkoniyatlar haqida to‘g‘ri ma’lumot berish va amaliy ko‘mak ko‘rsatish zarur.

Guliston tumanidagi ishsiz bitiruvchi yoshlar ham ishlab chiqarish korxonalari faoliyati bilan tanishdi. Ishonch mahallasida joylashgan «Mili Teks Sirdaryo» MCHJning ip-kalava ishlab chiqarish korxonasiga tashrif chog‘ida ularga mahsulot tayyorlash bosqichlari ko‘rsatildi. Shuningdek, korxonadagi bo‘sh ish o‘rinlari, xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar va ishga joylashish imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berildi.

Mevazor mahallasidagi «Mevazor mebel servis» korxonasiga tashrif esa yoshlarni mebelsozlik sohasi bilan yaqindan tanishtirdi. Ular ishlab chiqarish jarayonlarini kuzatishib, ushbu yo‘nalishda kasb egallash va mehnat faoliyatini boshlash imkoniyatlari haqida ma’lumotga ega bo‘lishdi. Bunday tanishuvlar yoshlarning kasbiy qiziqishlarini aniqlash, qobiliyatiga mos yo‘nalishni tanlash va kelgusi rejalarini belgilashda muhim o‘rin tutadi.

Boyovut tumani va Shirin shahridagi ishsiz bitiruvchi yoshlarni ish bilan ta’minlash maqsadida ham korxonalarga tashriflar tashkil etildi. Xususan, Boyovut tumanidagi «Stella Moda» tikuvchilik fabrikasiga tashrif davomida yoshlar tikuvchilik mahsulotlarini ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishishdi. Fabrikada 250 nafardan ortiq ishchi mehnat qilayotgani, ularning 100 nafardan ziyodini yoshlar tashkil etishi e’tiborga molik. Korxona mahsulotlarining asosiy qismi Rossiya Federatsiyasiga eksport qilinishi esa hududning ishlab chiqarish salohiyati va tashqi bozorlar bilan hamkorlik ko‘lamini namoyon etadi.


Guliston shahridagi bitiruvchi yoshlar «Chelebi Textile» tikuvchilik korxonasi va «MMX Pro» qop ishlab chiqarish korxonasi faoliyati bilan ham tanishdi. Ular ishlab chiqarish jarayonlarini kuzatib, bo‘sh ish o‘rinlari, ishga qabul qilish tartibi va xodimlar uchun yaratilgan mehnat sharoitlari haqida ma’lumot olishdi.

— Sirdaryoda ishsiz va kasb-hunar egallamagan yoshlar bandligini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan mazkur tashabbus ularni mehnat bozoridagi mavjud imkoniyatlar bilan yaqindan tanishtirish, kasb tanlashga yo‘naltirish va kelgusida o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashishda muhim ahamiyat kasb etdi. Muhimi, yoshlar korxonalardagi ish jarayoni, mehnat sharoiti va bo‘sh ish o‘rinlari bilan bevosita tanishib, o‘zlari uchun munosib yo‘nalishni belgilash imkoniga ega bo‘ldi. Tadbirkorlikka qiziqqan yoshlar esa o‘z biznesini yo‘lga qo‘yish, buning uchun tijorat kreditlari va boshqa moliyaviy ko‘mak imkoniyatlaridan foydalanish bo‘yicha tegishli soha mutaxassislaridan ma’lumot olishdi. Bu bir martalik tashabbus emas. Asosiy maqsadimiz — har bir yoshning qobiliyati va intilishini qo‘llab-quvvatlash, uning bandligini ta’minlashga amaliy yordam berish, — deydi Sirdaryo viloyat Yoshlar ishlari boshqarmasi boshlig‘i Bobur Akromov.



Bunday tanishuvlarning ahamiyati shundaki, yoshlar ish izlash jarayonida faqat e’lonlar yoki og‘zaki ma’lumotlarga tayanib qolmaydi. Ular bo‘lajak ish joylarini ko‘rishadi, ish beruvchilar bilan bevosita muloqot qilishadi, mehnat talablarini anglashadi va o‘z imkoniyatlarini baholashadi. Korxona rahbarlari esa ishga qiziqish bildirgan yoshlar bilan tanishib, istiqbolli kadrlarni jalb qilish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri