Mahorat darslari tashkil etildi (+video)
Paritet prinsipi asosida mahorat darslarini o‘tkazishning namunaviy reja-jadvaliga muvofiq, Jamoat xavfsizligi universiteti kursantlari uchun amaliy ahamiyatga ega mahorat darslari tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 26-avgustdagi “Jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasida professional kadrlarni tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-302-son qarorida kadrlar tayyorlashda sog‘lom raqobat muhitini yaratish hamda oliy ta’lim tizimida hamkorlikni kuchaytirish maqsadida muhim vazifalar belgilab berilgan edi.
Xususan, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning oliy ta’lim muassasalari va Jamoat xavfsizligi universiteti professor-o‘qituvchilari o‘rtasida paritet tartibida o‘zaro mahorat darslarini o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil etish maqsadida, paritet prinsipi asosida mahorat darslarini o‘tkazishning namunaviy reja-jadvaliga muvofiq, Jamoat xavfsizligi universiteti kursantlari uchun amaliy ahamiyatga ega mahorat darslari tashkil etildi.
Mazkur mahorat darslarida "Jamoat tartibiga tajovuz qiluvchi huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlik”, "Ijtimoiy profilaktika ob’ektlarini ijtimoiy moslashtirish dasturiga qo‘yiladigan minimal talablar va manzilli chora-tadbirlarni belgilash amaliyoti” mavzularida mashg‘ulotlar olib borildi.
Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash joizki, bu kabi mahorat darslari nafaqat kursantlarning nazariy bilimlarini mustahkamlash va qonunchilikdagi yangiliklarni amaliyotga tatbiq etish ko‘nikmalarini rivojlantirishga, balki turdosh oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi ilmiy-amaliy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi. Ochiq muloqot, savol-javob va o‘zaro tajriba almashish ruhida o‘tgan ushbu mashg‘ulotlar kelgusida jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasida zamonaviy fikrlaydigan, yetuk va professional kadrlarni yetishtirib chiqarishda muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
M.Turdaliyeva,
N.Abduvoitov (O‘zA)