JSST "JAKAVI" preparatining qalbakilashtirilgan ayrim seriyalari haqida ogohlantirdi
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan 2026-yil 16-iyun kuni e’lon qilingan “Medical Product Alert №2/2026” ogohlantirishida JAKAVI (ruxolitinib) dori vositasining ayrim qalbakilashtirilgan seriyalari aniqlangani ma’lum qilindi.
JSST ma’lumotlariga ko‘ra, AVT50, FNR06 va SGL04 seriyalariga mansub qalbakilashtirilgan mahsulotlar Eron Islom Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi hamda Turkiyada aniqlangan. Ushbu mahsulotlar internet platformalari orqali noqonuniy ravishda sotilgani, ayrim holatlarda esa dorixona tarmog‘i orqali bemorlarga yetkazilgani qayd etilgan.
Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, mazkur ogohlantirish Farmakologik nazorat bo‘limi tomonidan belgilangan tartibda o‘rganilib, tahlil qilingan.
“Shuni alohida ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston Respublikasida ruxolitinib saqlovchi “Djakavi” 5 mg va 15 mg preparatlari belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. JSST tomonidan ogohlantirilgan qalbakilashtirilgan mahsulotlarning mamlakatimiz hududida qonuniy muomalada bo‘lgan ro‘yxatdan o‘tgan preparatlar bilan bog‘liqligi yuzasidan ma’lumot mavjud emas”, deyiladi xabarda.
JSST qalbakilashtirilgan mahsulotlarning tarkibi, sifati va xavfsizligi kafolatlanmaganini, bu esa bemorlar salomatligi uchun jiddiy xavf tug‘dirishi mumkinligini ta’kidlamoqda.
Shu munosabat bilan tibbiyot va farmatsevtika tashkilotlariga preparatlarning kelib chiqishi va ta’minot zanjirini sinchkovlik bilan tekshirish, shubhali qadoqlash yoki markirovkaga ega mahsulotlardan foydalanmaslik hamda qalbakilashtirilgan deb gumon qilingan holatlar yuzasidan vakolatli organlarga zudlik bilan xabar berish tavsiya etiladi.
Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi tomonidan mazkur ogohlantirish yuzasidan monitoring ishlari davom ettirilmoqda. Aholidan dori vositalarini faqat qonuniy faoliyat yurituvchi dorixonalar orqali xarid qilish hamda shubhali holatlar aniqlangan taqdirda Farmakologik nazorat bo‘limi murojaat qilish so‘raladi.
Murojaat uchun telefon: 71-203-01-01 (2352)
Mohigul Qosimova, O‘zA