Irrigatsiya infratuzilmasini yaxshilash – barqaror ta’minot omili
Prezidentimiz Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida suvdan oqilona foydalanish masalasi islohotlarning ilk bosqichidanoq davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganini ta’kidlab, yirik magistral kanallarni betonlashtirish, suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish va suv resurslarini iqtisod qilish bo‘yicha aniq vazifalarni belgilab berdi.
Bugungi kunda respublikamizda sug‘oriladigan yer maydonlari 4,3 million gektarni tashkil etadi. Ularga xizmat qiladigan jami 173,5 ming kilometr sug‘orish tarmoqlari mavjud. Shundan 28,7 ming km magistral va xo‘jaliklararo kanallar, 48,6 ming km “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasalari hisobidagi tarmoqlar, 96,1 ming km klaster va fermer xo‘jaliklari hisobidagi ichki sug‘orish tarmoqlari hisoblanadi.

Eng katta masala suv yo‘qotishlarini kamaytirish, shu maqsadda tuproq o‘zanli kanallarni betonlashtirishdir.
So‘nggi uch yil davomida davlat byudjeti hamda xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan irrigatsiya ob’ektlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Jumladan, 1 550 km kanallar va 325,5 km sug‘orish tarmoqlari yangidan qurildi hamda rekonstruksiya qilindi. Shuningdek, 102 ta yirik gidrotexnik inshoot va 29 ta nasos stansiyasi zamonaviy talablar asosida to‘liq modernizatsiya qilindi. 1 ming 38 km kollektor-drenaj tarmoqlari yangidan qurilib, 32 ming 800 km qismida tozalash ishlari tizimli ravishda amalga oshirildi.
Mazkur tadbirlarni amalga oshirish uchun davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan jami 5 trillion 900 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.

Amalga oshirilgan ishlar natijasida 1,3 milliard kub metr suv resurslari iqtisod qilinishiga erishildi hamda 858 ming gektar yer maydonlarining suv ta’minoti darajasi sezilarli ravishda yaxshilandi. Shu bilan birga, 51 ming gektar yer maydonlari qayta foydalanishga kiritildi, 319 ming gektar yerlarning meliorativ holati yaxshilandi va 86,2 ming gektar sho‘rlangan maydonlar qisqarishi ta’minlandi.
Bu raqamlar nafaqat statistik ko‘rsatkich, balki yuz minglab fermer va dehqonlarning mehnati yengillashgani, yerning unumdorligi oshganidan dalolat beradi.

Alohida qayd etish joizki, “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida aholi tomorqalarini suv bilan ta’minlash uchun rekord darajada — 1,2 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Buning natijasida 494 mingdan ortiq xonadonning 88 ming gektar tomorqa yerlarida suv ta’minoti yaxshilandi. Bu aholining ijtimoiy farovonligi va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda muhim omil bo‘ldi.
Joriy yilda esa byudjetdan ajratiladigan 1,6 trillion so‘m mablag‘lar hisobiga irrigatsiya va melioratsiya tadbirlarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Ushbu mablag‘lar evaziga 635 km kanallar, 35,2 km lotok tarmoqlari, 65,5 km yopiq sug‘orish tarmoqlari, 19 ta gidrotexnik inshoot, 46 ta sug‘orish qudug‘i, 18,3 m3/sek suv chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan nasos stansiyalar, 12,2 km bosimli quvurlar, 249,1 km ochiq va 78,7 km yopiq-yotiq kollektor drenaj tarmoqlarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshiriladi.
Shuningdek, 5 ming 343 km uzunlikdagi kanal tozalanib, 5 ming 437 dona gidrotexnika inshooti hamda 5 ming 272 dona gidropost ta’mirlanadi va tiklanadi.
Natijada kanallarning foydali ish koeffitsiyenti 0,67 dan 0,68 gacha oshiriladi, 332,8 ming gektar maydonlarning suv ta’minoti, 54,2 ming gektar maydonlarning meliorativ holati yaxshilanib, 249 million m3 suv yo‘qotishlarning oldi olinishiga erishiladi.
Shu kunga qadar kanallar va sug‘orish tarmoqlarini betonlashtirish hamda rekonstruksiya qilish bo‘yicha manzilli ro‘yxatga kiritilgan 70 ta ob’ekt doirasida umumiy uzunligi 473 km bo‘lgan kanallarda yer ishlari, shuningdek 428 km uzunlikda betonlash ishlari, 5,2 km uzunlikdagi lotok tarmoqlarini hamda 3,2 km uzunlikdagi yopiq sug‘orish tarmoqlarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari bajarildi. Hozirda, mazkur ob’ektlarda qurilish-montaj ishlari davom ettirilmoqda.
Kanallarni betonlashtirishga qo‘shimcha mablag‘lar
Prezidentimizning 2026-yil 5-martdagi “Sug‘orishda suv yo‘qotishlarini kamaytirish va suv tanqisligining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorini suv xo‘jaligi sohasiga qaratilayotgan yuksak e’tiborning navbatdagi amaliy tasdig‘i sifatida ko‘rish mumkin.
Mazkur hujjat sohada amalga oshirilayotgan islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish, suv resurslaridan yanada samarali foydalanish va ortib borayotgan suv tanqisligi sharoitida barqaror ta’minotni ta’minlashga qaratilgani bilan ahamiyatli.
Qarorda asosiy maqsadli ko‘rsatkichlar sifatida suv yo‘qotilishi yuqori bo‘lgan 389 km kanallarni rekonstruksiya qilish va betonlashtirish belgilangan. Bu orqali yiliga o‘rtacha 206 million kub metr suv resurslari tejalishi, 26 mln kVt/soat elektr energiyasi iqtisod qilinishi, 159 ming gektar sug‘oriladigan yerlarning suv ta’minoti yaxshilanishi ko‘zda tutilgan.
Hujjatga muvofiq, 2026-yilning birinchi choragi yakunlari bo‘yicha shakllanadigan qo‘shimcha byudjet mablag‘lari hisobidan 600 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi belgilangan. Shundan 480 milliard so‘m — kanallar va sug‘orish tarmoqlarini betonlashtirish ishlariga, 120 milliard so‘m — suv tanqisligining oldini olish bilan bog‘liq chora-tadbirlarga yo‘naltiriladi.
Eng muhim jihati, mazkur qaror ijrosi orqali suv tanqisligi xavfini 20–30 foizgacha kamaytirish, qishloq xo‘jaligida hosildorlikni 20–30 foizga oshirish, mahsulot yetishtirish hajmini esa 15–25 foizga ko‘paytirish imkoniyati yaratiladi.
Energiya samaradorligi va nasos stansiyalari modernizatsiyasi
Nasos stansiyalari suv xo‘jaligi tizimidagi eng ko‘p energiya iste’mol qiluvchi segment hisoblanadi.
2018-yilda sohada 8,3 milliard kVt/soat elektr energiyasi sarflangan bo‘lsa, 2025-yil yakuni bilan bu ko‘rsatkich 6,4 milliard kVt/soatgacha tushirildi. Yetti yil ichida iste’molning 1,9 milliard kVt/soatga kamaytirilishi tizimni modernizatsiya qilish samarasi hisoblanadi. Buning uchun har yili nasos stansiyalaridagi eskirgan nasos va elektrodvigatellarni yangilash hamda nasos stansiyalarga energiya tejamkor qurilmalar va qayta tiklanuvchi energiya manbalari o‘rnatilib kelinmoqda.
Misol uchun, 2025-yilning o‘zida nasos stansiyalarga 157 ta yangi nasos va 166 ta zamonaviy elektrodvigatellar o‘rnatildi. Shuningdek, 135 ta chastota o‘zgartiruvchi qurilma va 165 ta kondensatorlar joriy etildi. Muqobil energiya manbalaridan foydalanish maqsadida 752 kVt quvvatga ega quyosh panellari o‘rnatildi.
Suv xo‘jaligida byudjet yuklamalarini kamaytirish maqsadida davlat-xususiy sheriklik loyihalariga alohida urg‘u berilayapti.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi “Mamlakat taraqqiyotining 2030-yilgacha mo‘ljallangan ustuvor yo‘nalishlari doirasida islohotlarni izchil davom ettirish va yangi bosqichga olib chiqishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan 2030-yilga qadar davlat-xususiy sheriklik asosida suv xo‘jaligi ob’ektlarini boshqarish loyihalari sonini 2 ming 183 taga yetkazish vazifasi belgilangan.
2020-2025-yillarda jami 1 943 ta, qiymati 478 milliard 902 million so‘m bo‘lgan davlat-xususiy sheriklik loyihalari amalga oshirilgan.
Buning natijasida Suv xo‘jaligida amalga oshirilgan davlat-xususiy sheriklik loyihalari doirasida jami 218,2 million kVt soat elektr energiya resurslari tejalishiga erishildi.
Xususiy sheriklar tomonidan kiritilgan investitsiya mablag‘lari hisobiga 198 ta nasos, 157 ta elektrodvigatel, 107 ta quyosh paneli, 66 ta onlayn suv o‘lchash, 32 ta chastota o‘zgartiruvchi, 84 ta kondensator qurilma, 19 ta transformator, 90 ta boshqaruv shkaflari o‘rnatilgan, 88 ta nasos stansiyalar binosi ta’mirlangan.
Bugungi kunga qadar Narpay, Sardoba, Oqoltin va Do‘stlik tumanlarida joylashgan barcha suv xo‘jaligi ob’ektlari xususiy sheriklar boshqaruviga berilgan.
2026-yilda Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand va Sirdaryo viloyatlarida nasos stansiyalarining 50 foizi, 2027-yil yakuniga qadar Namangan viloyatida 100 foiz nasos stansiyalari davlat-xususiy sheriklik asosida boshqaruvga berilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, Germaniyaning “LEMAN SWMS Investment” konsorsiumi, AQSHning “INTERNATIONAL FINANCE CORPORATION”, “Flowserve”, Xitoyning “China Energy Co.,Ltd” va “Sinoma International Engineering Co.,Ltd”, Saudiya Arabistonining “Miahona”, Singapurning “Watchman Group” kompaniyalari bilan hamkorlikda DXSH loyihalari amalga oshirilmoqda.
Suv xo‘jaligida davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida loyihalarni amalga oshirish orqali ushbu ob’ektlarda xarajatlarni 15-30 foizga kamaytirishga, shuningdek, suv resurslarini “Bir nasos-bir tizim” tamoyili asosida samarali boshqarilishiga erishiladi.
N.Nasriyev,
O‘zA