Iqtidorli talabalar taqdirlanishdi
30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida “Direktor kubogi” doirasida sport musobaqalari hamda ma’naviy-ma’rifiy va ijodiy tanlovlar tashkil etildi.
Prezidentimiz rahbarligida amalga oshirilayotgan yoshlarga oid davlat siyosati natijasida ularni qo‘llab-quvvatlash, qobiliyati va tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Filialda o‘tkazilgan mazkur tadbirlar ham ana shu ezgu maqsadlarga hamohang tarzda tashkil etildi.
Tadbirlar dasturidan sportning stol tennisi va shashka turlari bo‘yicha musobaqalar, “Biz giyohvandlikka qarshimiz” plakatlar tanlovi, talaba-qizlar o‘rtasida pazandachilik tanlovi hamda “Men sevib o‘qigan asar” kitobxonlik tanlovi o‘rin oldi. Turli yo‘nalishlardagi bellashuv va tanlovlarda talaba-yoshlar faol ishtirok etib, bilim, iqtidor va mahoratlarini namoyon etish barobarida o‘zaro do‘stlik va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamladilar.
— Sizlar Yangi O‘zbekistonning ertangi kunini barpo etadigan, mamlakatimiz taraqqiyotini belgilaydigan eng katta kuchsizlar. Ilmga chanqoq, tashabbuskor va vatanparvar yoshlar safining tobora kengayib borayotgani barchamiz uchun iftixordir. Sizlarga mustahkam sog‘liq, yuksak marralar va yangi zafarlar tilayman, — dedi filial direktori A. Yesimbetov.
Tadbir yakunida musobaqa va tanlovlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan talabalar diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri