Intizomiy jazo olgan xodimning oylik ish haqi va bayram pullaridan ushlab qolinadimi?
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 300- moddasida xodimni intizomiy javobgarlikka tortishning 2 turi keltirilgan. Bular umumiy va maxsus hisoblanadi.
Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Aygerim Aripbayeva bu borada quyidagicha tushuncha berdi:
– Umumiy intizomiy javobgarlik Mehnat kodeksi va ichki mehnat tartibi qoidalari bilan tartibga solinadigan javobgarlik bo‘lib, u xodimga nisbatan ushbu Kodeksning 312-moddasida nazarda tutilgan intizomiy jazo choralaridan birini qo‘llashdan iborat va barcha xodimlarga nisbatan tatbiq etiladi. Bundan o‘zi uchun maxsus intizomiy javobgarlik belgilangan shaxslar mustasno.
Maxsus intizomiy javobgarlik xodimlarning faqat alohida toifalari uchun qonunda, shuningdek, intizom to‘g‘risidagi ustavlar va nizomlarda nazarda tutilgan hamda xodimga nisbatan tegishli qonunda, intizom haqidagi ustavda va nizomda nazarda tutilgan intizomiy choralarni qo‘llashdan iborat javobgarlikdir.
Shuningdek, Mehnat kodeksida intizomiy jazo choralari keltirib o‘tilgan bo‘lib, unga ko‘ra: hayfsan, o‘rtacha oylik ish haqining o‘ttiz foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda jarima, ichki mehnat tartibi qoidalarida xodimga o‘rtacha oylik ish haqining ellik foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda jarima solinishi hollari nazarda tutilishi mumkin va mehnat shartnomasini bekor qilish kabilar kiradi.
Xodimning ish haqidan jarimani ushlab qolish ish beruvchi tomonidan ushbu Kodeksning 269 va 270-moddalari talablariga rioya etgan holda amalga oshiriladi. 313-moddaga binoan xodimga nisbatan faqat bitta ijtimoiy qilmish uchun bitta intizomiy jazo chorasi qo‘llanilishi keltirib o‘tilgan. Mehnat kodeksining 299-moddasida Intizomiy jazoning amal qilish muddati ichida xodimga nisbatan rag‘batlantirish choralari, shu jumladan mehnatga haq to‘lash tizimiga kirmaydigan va mehnat natijalariga asoslanmagan mukofotlar ham (bayramlar, shu jumladan kasb bayramlari, yubileylar munosabati bilan va hokazolar) qo‘llanilmaydi.
Bundan xulosa qilishimiz mumkinki, bayram pullari rag‘batlantirish hisoblanadi va intizomiy jazo olgan xodimga nisbatan bular berilmaydi. Agar jarima tarzidagi intizomiy jazo qo‘llanilsa, oylik ish haqining ma’lum qismi ushlab qolinishi mumkin.
Asos: Mehnat kodeksining 300, 312, 269, 270, 313, 299- moddalari.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA