Nomingizga nechta bank kartasi rasmiylashtirilganini qanday bilish mumkin?
Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida foydalanuvchilar nomiga rasmiylashtirilgan bank kartalari haqida ma’lumot olish imkoniyati yaratildi. Hozircha ushbu xizmat sinov rejimida ishlamoqda, deb xabar beradi portal matbuot-xizmati.
Yangi servisdan foydalanuvchi shaxsiy profili orqali bevosita foydalanish mumkin bo‘lib, unda bank kartalari bilan birga, banklarning mobil ilovalari orqali chiqarilgan virtual kartalar haqidagi ma’lumotlar jamlangan. Endi foydalanuvchi muayyan kredit tashkilotiga murojaat qilmasdan turib ham o‘z nomiga rasmiylashtirilgan kartalar haqida ma’lumotga ega bo‘lishi mumkin.
Ushbu xizmat birinchi o‘rinda O‘zbekiston rezidentlari bo‘lgan banklar chiqargan kartalarnigina qamrab oladi. Ayni damda ma’lumot ikki toifaga ajralgan bo‘ladi: “Tasdiqlanganlar” va “Tasdiqlanmaganlar”.
“Tasdiqlanganlar” bo‘limida o‘z tizimlarini Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali bilan integratsiya qilgan banklar foydalanuvchilari nomiga rasmiylashtirilgan kartalar chiqadi. “Tasdiqlanmaganlar” bo‘limida esa, hozircha portal bilan texnik integratsiyani yakunlamagan banklar kartalari ko‘rsatiladi.
Servisda qo‘shimcha imkoniyatlar ham taqdim etilgan. Xususan, foydalanuvchi amal qilish muddati yaqin bo‘lgan bank kartalari haqida ham ma’ulmotga ega bo‘lishi va portal orqali yangi kartani olish bo‘yicha bankka ariza yuborishi mumkin. Bu kundalik bank operatsiyalarini fuqaroning yagona raqamli profiliga o‘tkazish imkonini beradi.
Banklarning tizimga ulanishi va portal faoliyatining kengayishiga qarab foydalanuvchilar bir joyning o‘zida bank mahsulotlari va boshqa xizmatlar bilan bog‘liq operatsiyalar haqida ma’lumotga ega bo‘ladi.
Roman BONDARCHUK tayyorladi, O‘zA