Institutda mumtoz kuy va qo‘shiqlar yangradi
Andijon davlat texnika institutida buyuk shoh va mutafakkir shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 543 yilligiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy, adabiy-musiqiy kecha bo‘lib o‘tdi.
Yoshlar orasida ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, milliy musiqa san’atini targ‘ib etish, uni asrab-avaylash va rivojlantirish, shuningdek, yoshlarning adabiyotga, musiqaga, ulug‘ bobomiz Z.M.Bobur ijodiy merosini o‘rganishga bo‘lgan qiziqishni oshirish maqsadida tashkil etilgan tadbirda institut professor-o‘qituvchilari, talaba-yoshlar faol ishtirok etdi.
Kecha ochilishida so‘z olgan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining viloyati bo‘limi rahbari, shoira Xurshida Vahobjon qizi Boburning hayoti va ijodi haqida gapirdi, Bobur Mirzo g‘azaliga bog‘langan muhammas o‘qidi.
Shuningdek, O‘zbekiston davlat filarmoniyasi Andijon filiali san’atkorlari tomonidan Mirzo Bobur g‘azal va ruboiylari asosida yaratilgan ko‘y-qo‘shiqlar mahorat bilan, jonli ijro etildi. Bobur she’riyatining go‘zal namunalari, mumtoz ohanglar bilan yo‘g‘rilgan tadbir ishtirokchilarda unutilmas taassurot qoldirdi.
- O‘zbek mumtoz musiqa san’ati taraqqiyotida Zahiriddin Muhammad Bobur ijodiy merosi alohida o‘rin tutadi, - deydi Andijon davlat texnika instituti katta o‘qituvchisi, Ma’naviyat targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi Muhtarama Aliyeva. – Ulug‘ shoirning betakror she’riy asarlari asosida yaratilgan musiqiy durdonalar asrlar davomida san’at ixlosmandlarini bahramand etib keladi. Ushbu asarlar nafaqat jozibali ohangi, balki chuqur falsafiy mazmuni, yuksak badiiy saviyasi va ruhiy ta’sir kuchi bilan ham dilga yaqindir.
[gallery-27541]
Ushbu tadbir ishtirokchilar, ayniqsa, talaba yoshlarning Boburning ijodiy merosiga bo‘lgan qiziqishni oshirish, mumtoz qo‘shiqchiligimiz, milliy va ma’naviy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, buyuk ajdodlarimiz qoldirgan boy merosni targ‘ib etishga xizmat qildi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (foto), O‘zA