Inson qadri ulug‘lanayotgan yurt
Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning eng muhim mezoni — inson qadrini yuksaltirish, har bir fuqaroning dardi va ehtiyojiga befarq bo‘lmaslikdan iborat. Prezidentimiz tashabbusi bilan aholini ijtimoiy himoya qilish tizimi mutlaqo yangi bosqichga olib chiqildi. Ayniqsa, nogironligi bo‘lgan shaxslar, yolg‘iz keksalar hamda o‘zgalar parvarishiga muhtoj insonlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Bugun mahallalarda amalga oshirilayotgan ezgu ishlar ana shu insonparvar siyosatning amaliy ifodasi sifatida yurtdoshlarimiz hayotida o‘z aksini topmoqda.
Buxoro viloyati Jondor tumanining “Qozikent” mahallasida ham aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ehtiyojmand oilalarga manzilli yordam ko‘rsatish, nogironligi bo‘lgan shaxslar va yolg‘iz keksalarga g‘amxo‘rlik qilish bo‘yicha tizimli ishlar izchil amalga oshirilmoqda.
3 ming 375 nafar aholi istiqomat qilayotgan mahallada ijtimoiy xodim Salohiddin Bahridinov har bir ehtiyojmand fuqaro bilan individual ishlash tamoyili asosida faoliyat yuritmoqda. Bu yondashuv orqali har bir insonning ehtiyoji o‘rganilib, unga munosib ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatilmoqda.
Ayni paytda mahallada 80 nafar nogironligi bo‘lgan shaxs yashaydi. Ulardan 4 nafari adaptiv sport turlariga jalb qilinib, jismoniy faollik va ijtimoiy hayotda ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ldi. 14 nafar fuqaroning bandligi ta’minlanib, ularning mustaqil hayot kechirishi uchun munosib sharoit yaratildi. Shuningdek, 33 nafar ehtiyojmand shaxs protez-ortopediya buyumlari hamda reabilitatsiyaning texnik vositalari bilan ta’minlandi.
Mahallada yolg‘iz yashovchi keksalar ham davlat va jamiyat e’tiboridan chetda emas. Bugungi kunda 3 nafar yolg‘iz keksa doimiy ijtimoiy himoya bilan qamrab olingan. Shu bilan birga, “Faol hayotga qadam” dasturi doirasida 5 nafar o‘zgalar parvarishiga muhtoj fuqaroga uy sharoitida ijtimoiy-maishiy xizmatlar muntazam ko‘rsatilmoqda.
Bu ezgu ishlar natijasini Tamara Zulfiqorova misolida yaqqol ko‘rish mumkin. U singlisi Norgul Boboyeva bilan birga istiqomat qiladi. Mahalla ijtimoiy xodimi tomonidan Tamara opa yolg‘iz yashovchi keksalar reyestriga kiritilib, unga har tomonlama manzilli yordam ko‘rsatish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Jumladan, unga sog‘lig‘ini tiklash maqsadida sanatoriyga yo‘llanma berildi, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi, zarur dori-darmonlar bilan bepul ta’minlandi hamda moddiy yordam ajratildi. Shuningdek, “Faol hayotga qadam” dasturi asosida uyida ijtimoiy-maishiy xizmatlar tashkil etildi. Kuz-qish mavsumi va Ramazon hayiti munosabati bilan bir martalik moddiy yordam ko‘rsatildi, doimiy kompensatsiya to‘lovlari esa o‘z vaqtida yetkazib berilmoqda.
Eng muhimi, homiylar tashabbusi bilan ushbu xonadonga zamonaviy quyosh paneli o‘rnatildi. Bu nafaqat elektr energiyasi xarajatlarini kamaytirishga, balki oilaning turmush sharoitini yanada yaxshilashga xizmat qilmoqda. Bu kabi amaliy yordam insonga shunchaki moddiy ko‘mak emas, balki unga bo‘lgan e’tibor, mehr va g‘amxo‘rlikning yorqin namunasidir.
Bugun “Qozikent” mahallasida amalga oshirilayotgan ishlar bir haqiqatni yana bir bor tasdiqlaydi: inson qadri e’zozlangan jamiyatda hech kim e’tibordan chetda qolmaydi. Har bir ehtiyojmandning holidan xabar olish, uning muammosini eshitish va amaliy yechim topish mahallada hayot tarziga aylanib bormoqda.
“Qozikent” mahallasidagi ezgu ishlar Yangi O‘zbekistonda inson manfaatlari barcha islohotlarning bosh mezoniga aylanganining yana bir yorqin isbotidir. Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan “Inson qadri uchun” tamoyili asosida har bir mahallada amalga oshirilayotgan bunday xayrli ishlar jamiyatda mehr-oqibat, hamjihatlik va ijtimoiy adolat muhitini mustahkamlamoqda. Eng muhimi, bu kabi tashabbuslar yurtdoshlarimizning ertangi kunga bo‘lgan ishonchini yanada kuchaytirib, hech bir inson yolg‘iz emasligi, davlat va jamiyat hamisha uning yonida ekanini amalda namoyon etmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA