Inson manfaati – oliy mezon: ma’muriy byurokratiyadan xalqqa xizmat qilish tizimiga o‘tishning o‘n yillik manzarasi
Inson va davlat... Ilgari bu ikki tushuncha o‘rtasida ko‘rinmas, ammo baland va mustahkam “devorlar” bor edi. Olis va yaqin o‘tmishimizni bir eslang, o‘z yurting ichida bir viloyatdan ikkinchisiga o‘tish uchun blokpostlarda soatlab navbatda turish, poytaxtda yashab, ishlash huquqidan mahrum etgan mash’um “propiska” tushovi, oddiygina bir ma’lumotnoma olish uchun haftalab navbat kutib idoralar o‘rtasida sarson bo‘lish. Bularning bari fuqaroning davlatga bo‘lgan ishonchini susaytirgan, Konstitutsiyada mustahkamlangan erkin harakatlanish va rivojlanish huquqini cheklagan to‘siqlar edi.
Shukurki, oxirgi 8–10 yilda mamlakatimizda kechayotgan ma’muriy islohotlar ana shu muzlarni eritib yubordi. Yangi O‘zbekistonning bosh g‘oyasi – “Inson qadri uchun” degan tamoyil shunchaki chiroyli shior sifatida qolib ketmadi. U davlat apparatining mazmunini, mansabdorning fikrlash tarzini va jamiyatdagi muhitni tubdan o‘zgartirgan kuchli islohotga aylandi. Bugun ortga qarab, shu yillar ichida ijro hokimiyati, davlat xizmatlarini ko‘rsatish va byurokratiyaga qarshi kurashda erishilgan natijalarni bir nafasda ko‘zdan kechirish, istiqboldagi vazifalar haqida mushohada yuritish mumkin.
Yangi davr ma’muriy islohotlarining eng katta tarixiy va ijtimoiy g‘alabalaridan biri – bu insonning erkin harakatlanish va yashash joyini erkin tanlash huquqining qaytarib berilishi bo‘ldi. Bugun o‘sha kunlarni jilmayish bilan esga olamiz, u paytlarda Toshkentning o‘ziga xos, yozilmagan “qoidalari” amal qilardi. Poytaxtda tirikchilik qilish, kattaroq maqsadlar sari intilish imkoniyatlari kengroq, elektr ta’minoti barqaror, hatto benzin narxi ham viloyatlardagidan ancha arzon edi. Shu sababli ko‘pchilikning nigohi Toshkentga qadalgandi. Tabiiyki, shaharning o‘z talablari bor edi, ostonadan hatlab o‘tishingiz bilan yoningizda doim shaxsni tasdiqlovchi hujjat bo‘lishi shartligini his qilardingiz, vodiylik yurtdoshlarimiz esa pasportsiz dovondan oshishni xayoliga ham keltira olmasdi.

Yurtimiz bo‘ylab viloyatlar va shaharlar chegarasida joylashgan o‘nlab ichki blokpostlar va post-patrul maskanlarining olib tashlanishi mamlakat ichida transport va odamlar harakatlanishini mutlaqo erkinlashtirdi. Bu nafaqat fuqarolarning vaqtini va asabini tejadi, balki ichki turizm, logistika va savdo-sotiq rivojiga ham turtki berdi. O‘nlab yillar davomida millionlab yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yoshlarimiz uchun to‘siq bo‘lib kelgan va inson huquqlarini cheklagan eski propiska tizimi tamomila bekor qilindi. Uning o‘rniga soddalashtirilgan va zamonaviy xabardor qilish va ro‘yxatga qo‘yish tizimi joriy etildi. Natijada har bir O‘zbekiston fuqarosi o‘z yurtining xohlagan go‘shasida erkin yashash, uy-joy sotib olish va mehnat qilish huquqiga ega bo‘ldi.
Shuningdek, ma’muriy islohotlarning eng muhim tarkibiy qismlaridan biri – bu fuqaro va davlat o‘rtasidagi munosabatlarda adolat muvozanatini ta’minlashdir. Bu borada 2017-yilda faoliyati yo‘lga qo‘yilgan Ma’muriy sudlar jismoniy va yuridik shaxslarning davlat organlari hamda mansabdor shaxslar bilan yuzaga kelgan munosabatlari va nizolarini adolatli hal etishda beqiyos ahamiyat kasb etmoqda. Ilgari mansabdor shaxsning noqonuniy qarori yoki xatti-harakati ustidan shikoyat qilish “shamol bilan kurashish”dek tuyulgan bo‘lsa, bugun ma’muriy sudlar fuqaroning davlat idorasi oldidagi haqiqiy himoyachisiga aylandi. “Davlat organi o‘z qarorining qonuniyligini sudda o‘zi isbotlab berishi shart” degan qoidaning joriy etilishi inson va tadbirkor manfaatlarini ustuvor o‘ringa olib chiqdi.
Qolaversa, ilgari biror-bir hujjat olish uchun idorama-idora yurib, haftalab vaqt yo‘qotilgan bo‘lsa, bugun manzara mutlaqo boshqacha. Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali my.gov.uz va Davlat xizmatlari markazlari tufayli davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimi fuqaroning xonadoniga, qo‘l telefoniga ko‘chdi. Bugun yurtdoshlarimiz uydan chiqmay turib, bir necha daqiqalar ichida farzandini bog‘chaga yoki maktabga navbatga qo‘yishi, kadastr, soliq va kommunal ma’lumotnomalarni olishi, tadbirkorlik sub’ektini ro‘yxatdan o‘tkazishi va bank hisobvarag‘i ochishi hamda pasport va haydovchilik guvohnomasini almashtirishga ariza berishi mumkin.
Eng muhimi, kompyuter va elektron tizim tanish-bilish tanlamaydi, pora so‘ramaydi, arizani “ertaga kel” deb ortga surmaydi. Inson omilining kamaytirilishi tizimdagi korrupsiyaga va ortiqcha byurokratiyaga berilgan qaqshatqich zarba bo‘ldi. Ustiga-ustak, ilgari odamlarning tinkasini quritadigan “ma’lumotnomabozlik”ga barham berildi. Qisqa qilib aytganda, davlat organida bor ma’lumotni fuqarodan qayta so‘rash taqiqlanadi.
Barchaga ma’lum, davlat apparatining shishib ketishi – iqtisodiyot uchun ham, jamiyat uchun ham og‘ir yuk. Keyingi yillarda amalga oshirilgan ma’muriy islohotlarning yana bir muhim qadami vazirlik va idoralar tizimini maqbullashtirish bo‘ldi. Bir-birini takrorlovchi, ortiqcha vakolatga ega va faqat qog‘ozbozlik bilan shug‘ullanuvchi tuzilmalarga barham berildi. Vazirliklar soni qisqartirildi, ijrochi xodimlar shtati o‘rtacha 25–30 foizga optimallashtirildi. Shu bilan birga, davlat xizmatchilarining ishini yengillashtirish, ortiqcha vazifalarni qisqartirish hamda boshqaruvni aholiga yanada yaqinlashtirish maqsadida sohaga sun’iy intellekt imkoniyatlari ham faol joriy etilmoqda.
Eng muhimi, qaror qabul qilish markazlashuvidan voz kechildi. 100 dan ortiq vakolat va funksiyalar bevosita hududlarga, mahalliy hokimiyatlarga o‘tkazildi. “Mahallabay” va “xonadonbay” ishlash tizimi qarorlar qabul qilishni eng quyi bo‘g‘inga – to‘g‘ridan-to‘g‘ri odamlarning yoniga olib tushdi. Shuningdek, so‘nggi yillarda aholi va tadbirkorlardan 120 turdagi hujjatlarni talab qilish bekor qilindi, yana shuncha litsenziya raqamlashtirilib, ularni berish muddati deyarli ikki barobarga qisqartirildi.
Davlat apparatini yurgizuvchi kuch – bu kadrlardir. Uzoq yillar davomida davlat xizmatiga ishga kirishdagi yopiq eshiklar, tanish-bilishchilik va eng achinarlisi, otasi yoki yaqin qarindoshi sudlangani sababli iqtidorli yoshlarning ishga va o‘qishga qabul qilinmay, yillab sarson yurishiga sabab bo‘lgan adolatsiz tizimga to‘liq chek qo‘yildi. 2022-yilda qabul qilingan “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun hamda shaffof ochiq tanlovlar tizimi bu borada butunlay yangi davrni boshlab berdi.
Endilikda minglab bilimli yoshlar yagona elektron portal orqali ochiq tanlovlarda qatnashib, o‘z bilimi va salohiyati evaziga davlat xizmatiga kirmoqda. Kadrlarni tanlashda meritokratiya – ya’ni bilim, malaka va ish natijasi (KPI) asosiy mezonga aylandi. Ayniqsa, davlat xizmatiga qabul qilishda yoshlarga ko‘rsatilayotgan e’tibor alohida diqqatga sazovordir. Xususan, 2026-yil 1-iyuldan yoshlarni davlat xizmatiga qabul qilish jarayonlarida suhbat bosqichida beriladigan savollar davlat organining rasmiy veb-saytida kamida 1 oy oldin e’lon qilinishi shartligi, 1 oy oldin e’lon qilinmagan savollarni nomzodlarga berish taqiqlanishi fikrimiz tasdig‘idir.
Umuman olganda, so‘nggi yillarda O‘zbekiston ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy hayotining barcha sohalarida ijobiy islohotlar amalga oshirilayotgani, eng muhimi, ana shu shiddatli o‘zgarishlarning markazida insonning asosiy huquqlari va erkinliklarini ta’minlash masalasi turgani xalqaro hamjamiyat tomonidan ham e’tirof etilmoqda. Xususan, mamlakatda gender tenglikka erishish, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar sonini kamaytirish, bolalar mehnati va majburiy mehnatga barham berish, so‘z erkinligini ta’minlash borasida muhim yutuqlar qo‘lga kiritilgani yuqori baholanmoqda.
Jumladan, mamlakatda bolalar mehnati va majburiy mehnatga barham berilgani sababli “Cotton Campaign” xalqaro tashkiloti tomonidan o‘zbek paxtasiga nisbatan boykotning bekor qilingani, inson huquqlari sohasidagi islohotlarning samarasi o‘laroq yurtimizga Yevropa Ittifoqi tomonidan “GSP+” benefitsiari maqomi taqdim etilgani fikrimiz dalilidir.
Xulosa qilib aytganda, oxirgi o‘n yillikda O‘zbekiston ma’muriy boshqaruv va davlatchilik sohasida o‘nlab yillarga teng murakkab, ammo sharafli yo‘lni bosib o‘tdi. Davlat apparati o‘zining “ma’muriy buyruqboz” qiyofasini o‘zgartirib, fuqaroga ko‘makchi va xizmatkor bo‘lish sari yuz burdi. “Davlat organlari va mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar oldida mas’uldirlar” degan konstitutsiyaviy tamoyil bugun tom ma’noda o‘zining amaliy ifodasini topmoqda. Byurokratik g‘ovlarning parchalanishi shunchaki qulaylik emas, bu – mamlakatning iqtisodiy o‘sishi, investitsiyalar oqimi va eng muhimi, odamlarning ertangi kunga bo‘lgan mustahkam ishonchi demakdir.
“Moziyga qarab ish tutmoq xayrlidir”, degan naql bor dono xalqimizda. Bugun biz O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yillik to‘yi yaqinlashayotgan tarixiy kunlarda olis va yaqin tariximizga biroz nazar tashlab, o‘tgan yillarimizni sarhisob qilish barobarida uch-to‘rtta sohadagi islohotlarimiznigina tilga oldik, xolos. Aslida, gapirsak, yozsak arziydigan yutuqlarimiz juda bisyor. Zero, xalqqa xizmat qilishni oliy burch deb bilgan, shaffof, ixcham va adolatli davlat boshqaruvini barpo etish yo‘lidagi bunday sobitqadam odimlar Yangi O‘zbekistonning buyuk kelajagi, yurtdoshlarimiz farovonligi hamda istiqlolimizning abadiyligini ta’minlovchi mustahkam kafolatdir.
G‘ulomjon HAKIMOV,
yuridik fanlar nomzodi, dotsent.
O‘zA