NDKTU talabalari uchun yangi 400 o‘rinli turar joy
FOTOREPORTAJ
Navoiy viloyatida mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi arafasida qator ijtimoiy va infratuzilma ob’ektlari foydalanishga topshirilmoqda. Ana shunday loyihalardan biri Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetida davlat-xususiy sheriklik asosida barpo etilgan 400 o‘rinli yangi talabalar turar joyidir.
Yangi binoning foydalanishga topshirilishiga bag‘ishlangan tadbirda ta’lim sifatini yuksaltirishda zamonaviy o‘quv binolari va ilg‘or texnologiyalar bilan bir qatorda, talabalar uchun munosib yashash va ta’lim olish sharoitlarini yaratish ham muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
[gallery-31050]
So‘nggi yillarda universitetda talabalar uchun zamonaviy turar joylar barpo etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Yangi 400 o‘rinli majmuaga qadar davlat-xususiy sheriklik asosida yana ikkita talabalar turar joyi qurilib, foydalanishga topshirilgan. Bu, ayniqsa, boshqa hududlardan kelib tahsil olayotgan yoshlarni turar joy bilan ta’minlash imkoniyatlarini kengaytirmoqda.
Tadbirda yangi binoda yaratilgan sharoitlar namoyish etildi. Mehmonlar talabalar uchun mo‘ljallangan xonalar, maishiy va o‘quv sharoitlari bilan tanishdi.
Yangi talabalar turar joyida yoshlarning yashashi, o‘qishi va bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi uchun zarur sharoitlar yaratilgan. Qulay xonalar, zamonaviy jihozlar va umumiy foydalanish joylari talabalarning kundalik hayotini samarali tashkil etishga xizmat qiladi.
— Olis hududlardan kelib, universitetimizda tahsil olayotgan talabalar uchun bunday imkoniyatlarning yaratilishi katta ahamiyatga ega. Qulay va xotirjam muhit yoshlarning bilim olishi, ilmiy izlanishlari va o‘z ustida ishlashi uchun muhim omildir, - deydi Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti rektori B. Mardonov.
Yangi talabalar turar joyining ishga tushirilishi universitetda yoshlarga yaratilayotgan sharoitlarni yanada kengaytirib, ularning sifatli ta’lim olishi va har tomonlama rivojlanishi uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratdi.
Siroj ASLONOV(surat),O‘zA