Inson kapitali — Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining muhim omili
Mamlakat taraqqiyoti, avvalo, inson salohiyati, ilm-fan yutuqlari va zamonaviy bilimlarni amaliyotga tatbiq etish imkoniyatlari bilan belgilanadi. Shu ma’noda, O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi arafasida Prezident Shavkat Mirziyoyevning bayram tantanasidagi nutqi o‘tgan davr sarhisobi bilan birga, kelgusi taraqqiyot vazifalarini belgilab bergan muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.
Davlatimiz rahbarining “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” degan ezgu g‘oyasi jamiyatimizni umumiy maqsadlar atrofida birlashtirish, mamlakat kelajagi uchun mas’uliyatni yanada chuqur anglashga undaydi. Ayniqsa, oliy ta’lim tizimida faoliyat yuritayotgan professor-o‘qituvchilar, olimlar va ziyolilar zimmasiga yuklanadigan vazifalar bugun har qachongidan ham dolzarbdir.
Zero, Yangi O‘zbekiston taraqqiyotida inson kapitali, sifatli ta’lim va ilmiy salohiyat hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Zamonaviy dunyoda davlatlarning raqobatbardoshligi nafaqat tabiiy resurslar yoki iqtisodiy imkoniyatlar, balki insonlarning intellektual salohiyati, ilmiy izlanishlar samaradorligi va innovatsion g‘oyalarni hayotga tatbiq etish darajasi bilan ham belgilanadi. Shu bois ta’lim va ilm-fanni rivojlantirish, malakali kadrlar tayyorlash hamda yoshlarning intellektual imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish mamlakatimiz taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

Mustaqillik yillarida oliy ta’lim qamrovining qariyb 9 foizdan 40 foizga yetkazilgani, yangi oliy ta’lim muassasalari, xorijiy universitetlar filiallari va qo‘shma ta’lim dasturlarining tashkil etilgani sohadagi o‘zgarishlarning muhim natijalaridir. Bu jarayonlar yoshlarning oliy ma’lumot olish imkoniyatlarini kengaytirish bilan birga, iqtisodiyot tarmoqlari uchun raqobatbardosh, zamonaviy bilim va kasbiy ko‘nikmalarga ega mutaxassislar tayyorlashga xizmat qilmoqda.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, Yangi O‘zbekistonning poydevori, avvalo, ta’lim va tarbiya maskanlarida, muallim va ustozlar mehnati bilan yaratiladi. Bu esa oliy ta’lim muassasalari oldiga nafaqat chuqur bilim berish, balki mustaqil fikrlaydigan, tashabbuskor, yuksak ma’naviyatli va Vatan taqdiriga daxldorlik hissi bilan yashaydigan avlodni tarbiyalash vazifasini ham qo‘yadi.

Bugun oliy ta’lim tizimida akademik erkinlikni kengaytirish, o‘quv dasturlarini xalqaro standartlarga moslashtirish va ta’lim sifatini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar ana shu maqsadlarga erishishda muhim ahamiyatga ega. Endi asosiy vazifa erishilgan natijalarni mustahkamlash, ta’lim mazmunini zamon talablari asosida takomillashtirish va bitiruvchilarning mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini yanada oshirishdan iborat.
Davlatimiz rahbari nutqida belgilangan iqtisodiyotni raqamlashtirish, «yashil taraqqiyot» tamoyillarini joriy etish va zamonaviy sanoat tarmoqlarini rivojlantirish vazifalari oliy ta’lim muassasalari ilmiy salohiyati bilan bevosita bog‘liq.

Oliy ta’lim muassasalari huzuridagi texnoparklar, startap inkubatsiya markazlari va ilmiy laboratoriyalarda yaratilayotgan ishlanmalarning iqtisodiyotning aniq sektoriga yo‘naltirilayotgani nazariya va amaliyot uyg‘unligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Bugun oliy ta’lim muassasalari faqat mutaxassis tayyorlaydigan dargoh bo‘lib qolmasdan, yangi g‘oyalar yaratiladigan, texnologik yechimlar ishlab chiqiladigan va iqtisodiyot tarmoqlarining muammolariga ilmiy asoslangan yechimlar taklif etiladigan markazlarga aylanishi zarur. Buning uchun ilmiy tadqiqotlarning amaliy ahamiyatini oshirish, korxonalar bilan hamkorlikni mustahkamlash, iqtidorli yoshlarni ilmiy izlanishlarga keng jalb etish va innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratish lozim.
Mahallalarda aholi bilan uchrashuvlar o‘tkazish, yoshlarni kasb tanlashga yo‘naltirish, oilalarda kitobxonlik va ta’limga bo‘lgan qiziqishni oshirish, tadbirkorlik tashabbuslariga ilmiy-amaliy ko‘mak berish orqali ziyolilar jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishi mumkin.

Ayniqsa, bugun axborot oqimi jadallashgan, turli qarashlar va g‘oyalar o‘rtasidagi raqobat kuchaygan bir sharoitda ilmiy tafakkur, tanqidiy fikrlash va ma’rifiy yondashuvning ahamiyati ortib bormoqda. Shu ma’noda, ziyolilarning jamiyatdagi o‘rni nafaqat bilim tarqatish, balki yoshlarda mustaqil mushohada yuritish, voqea-hodisalarga xolis baho berish va milliy qadriyatlarga hurmat ruhini shakllantirishda ham namoyon bo‘ladi.
Prezidentimiz nutqida yoshlar masalasiga alohida e’tibor qaratilgani bejiz emas. Chunki mamlakatning ertangi taraqqiyoti, uning xalqaro maydondagi mavqei va raqobatbardoshligi bugungi avlodning qanday bilim va ko‘nikmalarni egallashiga bevosita bog‘liq.
Talaba-qizlarning ta’lim olishini qo‘llab-quvvatlash, ular uchun shartnoma to‘lovlarini qoplashga qaratilgan choralar va foizsiz ta’lim kreditlarining ajratilishi, shuningdek, “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali yoshlarning xorijdagi yetakchi ta’lim muassasalarida tahsil olish imkoniyatlari kengayib borayotgani yoshlar salohiyatini ro‘yobga chiqarishga xizmat qilmoqda.
Shu bilan birga ustoz va murabbiylar zimmasidagi mas’uliyat yanada ortadi. Talabalarni faqat tayyor bilimlarni o‘zlashtirishga emas, balki yangi g‘oyalar yaratishga, izlanishga, tajriba o‘tkazishga va o‘z salohiyatini jamiyat manfaatlari yo‘lida safarbar etishga o‘rgatish bugungi ta’limning muhim vazifasidir.

O‘zbekistonning jahon miqyosida raqobatbardosh, iqtisodiy jihatdan qudratli va aholi farovonligi yuksak darajada ta’minlangan davlatga aylanishi, eng avvalo, inson kapitaliga qanchalik e’tibor qaratilishiga bog‘liq. Chuqur bilim, ilmiy tafakkur, zamonaviy kasbiy ko‘nikmalar va innovatsion yondashuv mamlakat taraqqiyotining asosiy tayanchlaridir.
Shu bois oliy ta’lim muassasalari jamoalari Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan ustuvor vazifalarni amalga oshirishda o‘z intellektual salohiyati, ilmiy tajribasi va pedagogik mahoratini to‘liq safarbar etishi zarur. Ta’lim sifatini oshirish, ilmiy izlanishlar samaradorligini kuchaytirish, yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va ilm-fan yutuqlarini amaliyotga tatbiq etish bu yo‘ldagi muhim vazifalardir.
Yangi O‘zbekistonning kelajagi bugun auditoriyalarda ta’lim olayotgan yoshlar, ularga saboq berayotgan ustozlar va mamlakat taraqqiyoti yo‘lida izlanayotgan olimlar mehnati bilan ham yaratilmoqda. Demak, har bir bilim, har bir ilmiy kashfiyot va har bir ezgu tashabbus umummilliy taraqqiyotga qo‘shilgan hissadir.
Hamida Hasanova,
Olmaliq davlat texnika instituti
iqtisod kafedrasi mudirasi,
iqtisodiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori,
O‘zA