“Imran palace” mehmonlarga o‘z eshiklarini ochdi
Mamlakatimizda turizm yo‘nalishi bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar boshlangani sir emas. Bu jarayonda yangi mehmonxonalar va zamonaviy loyihalar muhim o‘rin tutishi ham bor gap. Respublikamizning barcha hududlari qatori Namangan viloyatida ham bu borada ko‘zga ko‘rinarli ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Davlatobod tumanida o‘z faoliyatini boshlagan “Imran palace” mehmonxonasi ham viloyat turizm salohiyatini yanada yuksaltirishga xizmat qiluvchi yangi maskanlardan biriga aylandi.

Mehmonxonaning ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda so‘z olgan Namangan viloyat hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Shavkat Abdurazzoqov xizmat ko‘rsatish sohasi viloyat iqtisodiyotida alohida ahamiyatga egaligi, aholining bandligi va daromadlarini oshirishga salmoqli hissa qo‘shayotganligi, yangi mehmonxonalarning ochilishi esa servis sohasining yangi bosqichga ko‘tarilganidan dalolat ekanligini ta’kidladi.

15 milliard so‘mlik investitsiya mablag‘i hisobiga barpo etilgan yangi mehmonxona zamonaviy arxitekturasi va yuqori darajadagi qulayliklari bilan ajralib turadi. Uni qurishda 3 milliard so‘mlik bank krediti jalb qilingan bo‘lib, ilk bosqichda 70 o‘rinli 35 xona ishga tushirildi. Natijada, 20 kishi doimiy ish bilan ta’minlandi.

“Imran palace”da nafaqat xorijiy va mahalliy sayyohlar, balki ishbilarmonlar, xalqaro hamkorlar va vodiyga tashrif buyuruvchi mehmonlar uchun ham qulay sharoitlar mavjud. Mehmonxona zamonaviy dizayni, yuqori sifatli xizmatlari va qulay joylashuvi bilan diqqatga sazovor.

– Namangan viloyatida turizm sohasining jadal rivojlanishi xizmat ko‘rsatish infratuzilmasining kengayishiga turtki bermoqda, – deydi viloyat hokimining o‘rinbosari Botirjon Nuriddinov. Taqqoslash uchun aytadigan bo‘lsak, bundan yetti yil avval, viloyatda 13 mehmonxona va xostel faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, hozirgi kunga kelib, ularning soni 45 taga yetdi. Joriy 2025 yil yakuniga qadar yana ikkita, 120 o‘rinli mehmonxona foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.
Darhaqiqat, bunday istiqbolli loyihalarning ishga tushirilishi mamlakat iqtisodiyotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, turizm xizmatlari sifatini oshirish, muhimi aholi bandligini oshirishga xizmat qiladi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA