Imkoniyat va qobiliyat uyg‘unligi insonni ulug‘laydi
Toshkent viloyati Ohangaron shahar 7-sonli alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktabda ta’lim jarayoni o‘quvchilarga bilim berish bilangina cheklanmayapti. Bu yerda bolalarning qiziqish va qobiliyatini yuzaga chiqarish, ularni kasb-hunarga yo‘naltirish, mehnat ko‘nikmalarini shakllantirish hamda mustaqil hayotga tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Zero, har bir bola o‘z imkoniyatini namoyon etishi uchun zarur sharoit yaratilsa, u nafaqat bilim oladi, balki jamiyatda o‘z o‘rnini topishga intiladi. Shu jihatdan maktabda amalga oshirilayotgan loyihalar o‘quvchilarning ijtimoiy moslashuvi va kelajakdagi hayotga tayyorgarligida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Xususan, inklyuziv ta’limni rivojlantirish, bolalarning qiziqish va iste’dodini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “Skil-Start”, “Logo-Profi”, “Ishonch maskani” kabi loyihalar doirasida o‘quvchilarning amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirishga e’tibor qaratilmoqda.

Shunday yo‘nalishlardan biri — tikuvchilik to‘garagi. Unda o‘quvchilar mato bilan ishlash, turli buyumlar tayyorlash, tikuvchilikning boshlang‘ich sirlarini o‘rganish bilan birga, o‘z mehnati mahsulotlarini sotish orqali daromad topmoqda.
Bu jarayonning ahamiyati shundaki, hunar o‘quvchi uchun shunchaki mashg‘ulot emas, balki o‘z kuchi va qobiliyatiga ishonchni mustahkamlovchi hayotiy tajribaga aylanmoqda. Mehnat orqali ular mas’uliyat, tirishqoqlik, ijodkorlik va mustaqillik kabi fazilatlarni ham o‘zlashtirmoqda.
– Shu maktabda o‘qiyman, – deydi Nurdavlat Mavlonov. – Ukalarim bor. Oilada men katta farzandman. Rasmlar chizishga va libos tikishga qiziqaman. Maktabimizda tashkil etilgan tikuvchilik to‘garagida choyshablar tikib, daromad topyapman. Ota-onam qo‘limdan ish kelib qolganini ko‘rib juda quvondi. Ayniqsa, onamning quvonch ko‘z yoshlari meni yanada mas’uliyat bilan o‘qishga undadi. Ustozlarimga rahmat aytaman.

Aslida, bunday imkoniyatlarning qadri faqat bugungi natija bilan o‘lchanmaydi. O‘quvchining qo‘liga hunar berish, uni mehnatga o‘rgatish va o‘z qobiliyatidan daromad olish imkoniyatini yaratish — kelajakda mustaqil hayot kechirishga tayyorgarlikning muhim qismidir.
Ohangaron shahridagi ushbu maktab tajribasi ham ta’lim, kasb-hunar va ijtimoiy moslashuvni bir-biri bilan uyg‘unlashtirish orqali alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarning imkoniyatlarini kengaytirish mumkinligini ko‘rsatmoqda. Eng muhimi, o‘quvchilar o‘z mehnati bilan natijaga erishish, oilasiga quvonch ulashish va kelajakka ishonch bilan qarashni o‘rganmoqda.
A.Musayev,O‘zA