Ilmli va ma’naviyatli yoshlar – yurt kelajagi poydevori
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida “Oq yo‘l sizga, aziz bitiruvchi!” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Mazkur marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha departamentining boshlig‘i, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, Akademiya professor-o‘qituvchilari, bitiruvchi talabalar hamda ularning ota-onalari ishtirok etdi.
Tantanali marosimda so‘zga chiqqanlar talabalarga olgan bilimlarini Vatan va xalq ravnaqi yo‘lida sarflamoqlik har bir farzandning burchi ekanini ta’kidlab, bitiruvchilarga kelgusi faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi.

O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar, Islomshunoslik va Mumtoz sharq filologiyasi fakulteti hamda 10 ta kafedra faoliyat yuritmoqda. 2025/2026 o‘quv yilida 591 nafar talaba bakalavriat hamda 125 nafar yigit-qiz magistratura bosqichini tamomlamoqda.
Ma’naviy-ma’rifiy bayram tadbirida bir guruh professor-o‘qituvchilar, bitiruvchi yoshlar hamda faol talabalar taqdirlandi.
Tadbir davomida bir guruh professor-o‘qituvchilar, bitiruvchi talabalar hamda faol yoshlarga tantanali ravishda diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Shuningdek, Akademiya tarixida ilk bor tahsil olishda har tomonlama faol bo‘lgan, o‘qishni a’lo baholar bilan tamomlab, imtiyozli diplom olishi belgilangan hamda talabalik davri davomida ushbu ilm dargohi ma’naviy-ma’rifiy hayotida o‘zining tashabbuskorligi bilan alohida o‘rin egallagan, ijtimoiy faol hamda mazkur ma’rifat maskani nufuzini oshirishga xizmat qilgan talaba-yoshlarni munosib rag‘batlantirish maqsadida “Akademiya faxri” ko‘krak nishoni, guvohnomasi hamda “Akademiya faxri” maxsus diplomi bilan taqdirlash tizimi joriy 2025-2026 o‘quv yilidan yo‘lga qo‘yildi.

Ushbu tashabbus doirasida Akademiyaning mazkur o‘quv yilida bitirayotgan jami 42 nafar a’lochi va har tomonlama faol talaba-yoshlari taqdirlandi.
Samimiy va qizg‘in muloqot shaklida o‘tgan uchrashuvda bitiruvchi talabalar hamda ularning ota-onalari Akademiya rahbariyati va ustozlarga minnatdorlik bildirdi.
Teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishlari, “Quvnoqlar va zukkolar” ma’rifiy dasturlari, talabalar tomonidan kuylangan kuy-qo‘shiqlar, she’rlar, mehmon san’atkorlarning chiqishlari yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.
N.Usmonova, O‘zA