1-iyuldan fuqarolar uchun qo‘shimcha ijtimoiy kafolatlar kuchga kiradi
Mamlakatimizda aholini ijtimoiy himoya qilish va fuqarolarni og‘ir hayotiy vaziyatlarda davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi.
Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-noyabrdagi tegishli farmoniga muvofiq davlat ijtimoiy sug‘urtasi tizimi bosqichma-bosqich joriy etilmoqda.
Joriy yilning 1-yanvaridan boshlab homiladorlik va tug‘ish nafaqalarini Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi tomonidan proaktiv tarzda tayinlash va to‘lash tizimi ishga tushirildi. Buning uchun Ijtimoiy sug‘urta axborot moduli yaratildi hamda 10 ta vazirlik va idoraning axborot tizimlari o‘zaro integratsiya qilindi.
Natijada tizim o‘z samaradorligini amalda namoyon etmoqda. Joriy yilning dastlabki besh oyida 81 mingdan ortiq mehnatga layoqatsizlik varaqasi avtomatik tarzda ko‘rib chiqildi. Shundan 58 ming holat bo‘yicha qariyb 660 milliard so‘m miqdorida homiladorlik va tug‘ish nafaqalari tayinlanib, to‘lab berildi.
Ayniqsa, xususiy sektorda mehnat qilayotgan ayollarning ijtimoiy himoyasi sezilarli darajada kuchaydi. Agar 2025-yilda ularga 13,5 milliard so‘m nafaqa to‘langan bo‘lsa, bugungi kunda ushbu ko‘rsatkich 141,6 milliard so‘mga yetdi. Bir nafar ayolga to‘lanadigan o‘rtacha nafaqa miqdori esa 2,6 million so‘mdan 14,8 million so‘mgacha oshdi.
Davlat ijtimoiy sug‘urtasi tizimini rivojlantirishning navbatdagi bosqichi 2026-yil 1-iyuldan boshlanadi. Endilikda vaqtincha mehnatga layoqatsizlik, ya’ni kasallik nafaqalari ham Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.
Yangi tartibga ko‘ra, bir kalendar yilidagi kasallikning dastlabki besh kuni uchun nafaqa ish beruvchi tomonidan to‘lanadi. Oltinchi kundan boshlab esa to‘lovlar Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi hisobidan amalga oshiriladi. Ilgari mazkur xarajatlar to‘liq ish beruvchilar zimmasida edi.
Kasallik nafaqasi miqdori fuqaroning sug‘urta stajiga qarab belgilanadi. Sug‘urta staji 6 oydan 8 yilgacha bo‘lgan fuqarolarga o‘rtacha ish haqining 60 foizi, 8 yildan ortiq stajga ega bo‘lganlarga esa 80 foizi miqdorida nafaqa to‘lanadi.
Shuningdek, I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar, qaramog‘ida 18 yoshgacha bo‘lgan to‘rt nafar va undan ortiq farzandi bor fuqarolar hamda nogironligi bo‘lgan farzandni tarbiyalayotgan oilalar uchun nafaqa miqdori qo‘shimcha 20 foizga oshiriladi.
Yangi tizimda bolalarni parvarish qilish bo‘yicha ham qo‘shimcha ijtimoiy kafolatlar nazarda tutilgan. Xususan, 14 yoshgacha bo‘lgan bolani parvarish qilish uchun qo‘shimcha 20 kalendar kun, 16 yoshgacha nogironligi bo‘lgan bolani parvarish qilish uchun esa qo‘shimcha 40 kalendar kungacha nafaqa to‘lanadi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, yangi tizimning eng muhim jihatlaridan biri – barcha jarayonlarning to‘liq avtomatlashtirilganidir. Fuqarolardan hech qanday ariza yoki qo‘shimcha hujjat talab etilmaydi. Elektron mehnatga layoqatsizlik varaqasi rasmiylashtirilishi bilan tizim avtomatik ravishda fuqaroning rasmiy bandligi, sug‘urta staji va daromadi haqidagi ma’lumotlarni tekshiradi hamda nafaqani proaktiv tarzda tayinlaydi.
To‘lovlar “Baraka” tizimi orqali amalga oshiriladi. Har bir fuqaro uchun virtual karta avtomatik ravishda ochiladi va mablag‘lar ushbu kartaga o‘tkaziladi.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, yangi tartib davlat va xususiy sektorda mehnat qilayotgan, majburiy davlat ijtimoiy sug‘urtasi bilan qamrab olingan barcha fuqarolarga tatbiq etiladi. Buning uchun kamida olti oylik sug‘urta stajiga ega bo‘lish talab qilinadi.
Yangi tizim fuqarolarning kasallik davridagi daromadlarini ishonchli himoya qilish, ish beruvchilarning moliyaviy yukini kamaytirish, rasmiy bandlikni rag‘batlantirish hamda mamlakatimizda ijtimoiy himoya tizimini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi kutilmoqda.
Mazkur ma’lumotlar Ijtimoiy himoya milliy agentligi matbuot kotibi Dilfuza Ro‘zmetova ishtirokidagi brifingda taqdim etildi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA