Ilmli ayol – jamiyat tayanchi
Andijon davlat texnika institutida “Ilmli ayol: muvaffaqiyat sari dadil yo‘l” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda institut professor-o‘qituvchilar, olimalar, iqtidorli talabalar hamda talaba qizlar ishtirok etdi. Unda iqtidorli talabalar, yosh olimalarning ilm-fan, jamiyat rivojidagi o‘rni va roli, ilm-fan bilan shug‘ullanadigan xotin-qizlar safini kengaytirish, bu borada institutda amalga oshirilayotgan ishlar xususida atroflicha so‘z yuritildi.

– Davra suhbatini o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad, ilm yo‘lida muvaffaqiyatga erishishni maqsad qilgan faol va iqtidorli talaba-qizlarni bu borada yuqori natijalarga erishgan olimalar bilan muloqot va hamkorligini yo‘lga qo‘yish va mustahkamlashga qaratilgan, – deydi institut rektorining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Nargizaxon Mirzayeva. – Qolaversa, talaba qizlarni nomdor stipendiyalar sohibalari hamda turli grantlar bilan tanishtirish, ularni ilm-fan sohasiga kengroq jalb etishdan iborat.

Tadbirda Beruniy nomidagi davlat stipendiyasi sohibasi Zilola Jalolova, Beruniy nomidagi davlat stipendiyasi hamda Shimoliy Xitoy texnologiyalar universiteti almashinuv dasturi granti sohibasi Nigora Rustamova, “Yil talabasi – 2025” ko‘rik-tanlovining “Yilning eng faol ixtirochi-innovator talabasi” yo‘nalishi g‘olibasi Shahlo Madaminova, Beruniy nomidagi davlat va rektor stipendiyasi sohibasi, “Yilning iqtidorli talabasi”, “Yilning eng faol ilmiy talabasi” tanlovlari g‘olibasi Odina Kamoldinov, bir nechta xalqaro grantlar sohibasi Zilola Mamataliyeva ishtirokchilarga o‘zlari olib borayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari, erishgan yutuqlari, tajribalari haqida gapirdi.

Tadbir davomida muvaffaqiyatga erishgan olima ayollar mavzu doirasida talaba qizlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytardi.
Davra suhbati talaba qizlarning grant tanlovlarida ishtirok etish, ilmiy-tadqiqotlar olib borish borasidagi bilim va malakalarini boyitish bilan birga, ularga ilm-fan yo‘lida dadil borishi uchun ulkan motivatsiya berdi.
Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA muxbiri.