Ilm va media olamidagi fidoyilik
FOTOREPORTAJ
Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibi, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti dotsenti, filologiya fanlari doktori (DSc) Qumar Begniyozova ilm, ta’lim va jurnalistika sohalarida samarali faoliyat yuritib kelmoqda.
U universitetda jurnalistika ixtisosligi bo‘yicha talabalarga o‘zbek, qoraqalpoq va ingliz tillarida saboq berib, yoshlarning kasbiy bilimlari bilan birga mustaqil fikr va zamonaviy media tafakkurini shakllantirishga alohida e’tibor qaratmoqda.
Q. Begniyozova tashabbusi bilan universitetda tashkil etilgan “Yoshlar media markazi” bugun iqtidorli talabalar uchun ijodiy maydonga aylangan. Markazda talabalar amaliy jurnalistika sirlarini o‘rganib, turli media kontentlar tayyorlashda ishtirok etmoqda. Ayni paytda markaz faoliyatiga 100 nafarga yaqin yosh jalb qilingan.
Ustoz ta’lim jarayonida zamonaviy texnologiyalardan foydalanishga alohida ahamiyat qaratadi. Kembridj tajribasi asosida joriy etilgan “Platform Internet PR” ijtimoiy tarmoq platformasi talabalarning media sohasidagi amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Olimaning ilmiy izlanishlari ham keng qamrovli. Uning “Qoraqalpog‘istonda internet jurnalistikasi va mediada yangi trendlar”, “Qoraqalpog‘istonda internet jurnalistikasi: shakllanish va rivojlanish xususiyatlari” nomli o‘quv qo‘llanmalari hamda “Jurnalistikada gipermatn xususiyatlari va uni yaratish algoritmi” monografiyasi nashr etilgan. Shuningdek, olimaning 70 dan ortiq ilmiy maqola va tezislari xalqaro ilmiy jurnallarda e’lon qilingan.
2019-yilda uning tashabbusi bilan talabalar ishtirokida kar24.uz internet nashri tashkil etildi. Mazkur loyiha talabalarning ijodiy ishlarini keng jamoatchilikka taqdim etishda muhim maydon bo‘lib xizmat qilmoqda. Ushbu tashabbus 2019-yilgi “Oltin qalam” milliy mukofoti respublika bosqichida internet jurnalistikasi yo‘nalishida 2-o‘rin bilan taqdirlangan.
Qumar Begniyozova ijodkor sifatida ham tanilgan. Uning “Xat”, “Bolalik yillaridan xotiralar”, “Sodiqlik”, “Yomg‘irlar” kabi badiiy asarlari kitobxonlar tomonidan iliq kutib olingan.
[gallery-28048]
Ayni paytda u talabalari bilan birga sun’iy intellekt yordamida gazeta nashr etish loyihasi ustida ish olib bormoqda. Bu tashabbus zamonaviy media imkoniyatlarini ta’lim jarayoni bilan uyg‘unlashtirishga qaratilgan.
Qumar Begniyozovaning faoliyati ilm va ijod orqali yosh avlodni tarbiyalash, jurnalistika sohasida malakali kadrlar tayyorlashga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatlidir.
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA