Ilm-fan integratsiyasi va erkinlik taraqqiyotning muhim sharti sanaladi
Vatanimiz Mustaqilligining 35 yilligi bosib o‘tilgan tarixiy yo‘lni sarhisob qilish, erishilgan yutuqlarni mushohada etish va istiqboldagi vazifalarni belgilab olish uchun muhim marradir.
Ushbu davrda mamlakatimiz hayotining barcha jabhalari qatorida ilm-fan sohasida ham tub sifat o‘zgarishlari yuz berdi. Mustaqillik, avvalo, ilm ahli uchun keng imkoniyatlar, tadqiqotlar erkinligi va xalqaro integratsiya eshiklarini ochdi.
Olimlar mafkuraviy va ma’muriy cheklovlar bilan yashasa jamiyatga foyda bera olmaydi. Jahon ilm-fani bilan bevosita muloqot qilish imkoni borligi katta yutuqlar asosi sanaladi. Mamlakatning tashqi dunyoga ochilishi ilm ahli uchun xorijiy hamkasblar bilan erkin fikr almashish, nufuzli anjumanlarda ishtirok etish, qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish va xorij universitetlarida tajriba oshirishdek keng ufqlarni ochdi.

Sobiq tuzum davridagi ahvolni birgina hayotiy misol aniq ko‘rsatib beradi. 1980-yillar oxirida Toshkent davlat universiteti o‘zbek filologiyasi fakultetida faoliyat yuritgan ustozlarimizdan biriga Turkiyada o‘tkaziladigan xalqaro anjumandan taklifnoma kelgan edi. Mezbon tomon barcha xarajatlarni o‘z zimmasiga olganiga qaramay, olim mustaqil qaror qabul qila olmasdi. Hujjatlar Moskvaga yuborilib, oylab kutilgan javob salbiy bo‘lgan. Ishtirok etishga ruxsat berilmagan.
Bugungi olim uchun bunday holatni tasavvur qilish mushkul. Mana shu birgina omil mustaqillik ilm ahli uchun qanchalik buyuk qadriyat ekanini anglatadi. Hozirda xorijiy konferensiyalarda qatnashish, xalqaro ilmiy markazlar va universitetlar bilan hamkorlik qilish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish odatiy akademik hayotning tarkibiy qismiga aylandi.
Akademik mobillik va xorijda malaka oshirishga berilayotgan alohida e’tibor bejiz emas. Zero, ilm-fan milliy chegaralar bilan cheklanmaydi. Olim dunyoda paydo bo‘layotgan yangi konsepsiya va metodlardan xabardor bo‘lishi, shu bilan birga milliy tadqiqot natijalari, ilmiy maktablarimiz va mamlakatning intellektual salohiyatini jahonga tanitishi zarur. Bu ikki tomonlama muhim jarayondir.
Shogirdlik va izlanishlar davrimda, xususan, so‘nggi 27 yil mobaynida xorijdagi o‘ndan ortiq ilmiy muassasalarda tajriba orttirish nasib etdi. Bugungi kunda xalqaro ilmiy aloqalar olim faoliyatining muhim mezoni sifatida e’tirof etilayotgani, shubhasiz, soha vakillariga katta kuch-g‘ayrat bag‘ishlaydi.
Mustaqillikning 35 yillik sanasi bizga faxr-iftixor va yuksak mas’uliyat beradi. Dunyoga chiqish imkoniyati berildi, endigi vazifa jahon ilm-fanida munosib o‘rin egallash, faqat tayyor bilimlarni o‘zlashtiruvchi emas, balki jahonga yangi g‘oya va tadqiqotlarni taqdim etivchi yetakchi markazga aylanishdir. Zero, mustaqil taraqqiyotimizning eng katta yutug‘i milliy tafakkur va ilm-fanimizning dunyo bilan teng va erkin muloqotga kirishganidadir.
Aftondil ERKINOV,
Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi professori,
filologiya fanlari doktori.
OʻzA