Ilm bilan amaliyot birlashganda xatolarga kam yo‘l qo‘yiladi (+video)
Agrosanoatni rivojlantirish agentligida matbuot anjumani tashkil etildi. Unda 2026-yil I yarim yillikda qilingan ishlar xususida jurnalist va blogerlarga batafsil ma’lumot berildi.
Ba’zida yo‘l bo‘yida qurib borayotgan daraxtlarga, bog‘larga ko‘zimiz tushadi. “Essiz, suvsizlikdan qurib qoldimikan yo kasalliklikdanmi?” degan fikr hayolimizga keladi. Lekin soha mutaxassislari tahlil qilganda bog‘lar navni yer xususiyatidan kelib chiqib to‘g‘ri tanlamaslikda, agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va to‘g‘ri tashkil etilmaganda, hattoki bog‘ni “bo‘ktirib” sug‘organda ham qurib qolishi mumkin ekan. Xullas, bugun barcha sohada maqsadga erishish uchun faqat ilm va innovatsiya kerak. Fermer, dehqon xo‘jaliklari, tomorqa yer egalari va bog‘bonlarga soha sirlarini o‘rgatishda, innovatsiyalar bilan “qurollantirishda” Agrosanoatni rivojlantirish agentligi mutaxassislari tomonidan yaqindan ko‘mak ko‘rsatib kelinmoqda.
Agrosanoatni rivojlantirish agentligida 2026-yil I yarim yillik natijalariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida bu haqida batafsil ma’lumot berildi.
Jumladan, agentlik tomonidan 2026-yilning 6 oylik natijalariga ko‘ra 18.1 ming gektar mevali bog‘ va uzumzor barpo etishni maqsad qilib, amalda 19 ming gektardan oshdi. Shuningdek, iqtisodiy jihatdan samarasiz hamda kam hosilli bog‘ va uzumzorlarni yangilash bo‘yicha salkam 20 ming gektar rejaga kiritilgan bo‘lsa, amalda 22 ming gektardan ziyodi rekonstruksiya qilindi. Yangi barpo etilgan intensiv bog‘ va tokzorlarda 5 ming gektardan ziyod maydonda tomchilatib sug‘orish texnologiyalari joriy qilindi. Bog‘ va issiqxonalarni barqaror suv bilan ta’minlash maqsadida 177 ta quduq va nasos stansiyalari tashkil etildi.
Fermer xo‘jaliklari, qishloq xo‘jaligi korxonalari, dehqon xo‘jaliklari va aholi tomorqalarida 552 gektar maydonda malina, yejevika, golubika va qulupnay kabi rezavor ekinlar ekilishida yaqindan ko‘maklashishdi. Agentlik tomonidan 7 ming gektar maydonda barpo etiladigan intensiv bog‘ va tokzorlar uchun 423 ta texnik shart hamda texnik hujjatlar ishlab chiqildi.
So‘ngi 6 oy davomida barcha toifadagi xo‘jaliklarda 1.3 mln tonna meva hamda 200 ming tonna uzum yetishtirildi va Agrologistika markazlari quvvatlari 1.4 mln tonna darajasiga yetkazildi. Meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash va quritish bo‘yicha amalda 11 ta loyiha ishga tushirildi.
Ta’kidlandiki, agentlik tomonidan 2026-yil yakuniga qadar respublika bo‘yicha 26.6 ming gektar intensiv mevali bog‘ va uzumzorlar barpo etiladi, shuningdek, iqtisodiy jihatdan samarasiz salkam 15 ming gektar bog‘ va uzumzorlar rekonstruksiya qilinadi. Meva yetishtirish hajmi 3.5 mln tonna, uzum yetishtirishni 2 mln tonnadan oshirish mo‘ljallanmoqda.
Matbuot anjumanida shuningdek, rejalar haqida ham keng ma’lumot berildi. Jumladan, Bektemir tumanida 5 gektar maydonda zamonaviy in-vitro laboratoriyasi, 50 gektar onalik bog‘ va ko‘chatzor tashkil etish, xorijdan 6 ta danaksiz uzum navini olib kelib, in-vitro texnologiyasi asosida sertifikatlangan ko‘chatlar yetishtirishni yo‘lga qo‘yish, respublika ko‘chatchilik xo‘jaliklarida jami 25 mln dona (18.5 mln dona meva va 6.5 mln dona tok) ko‘chat yetishtirish rejalashtirilgani aytib o‘tildi.
Suv tejovchi texnologiyalar joriy etilgan maydonlarni 12 ming gektarga, quduq va nasos stansiyalari soni esa 235 taga yetkaziladi.
Agentlik tomonidan 2026-yilda issiqxona maydonlarini kengaytirish bo‘yicha umumiy qiymati 1 trln 524 mlrd so‘m bo‘lgan 62 ta investitsiya loyihasi shakllantirilib, ular doirasida salkam 1.5 ming ta yangi ish o‘rni yaratish nazarda tutilgan. Hozirgi kunga qadar 11 ta loyiha ishga tushirilib, 337 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga soha mutaxassislari tomonidan batafsil javoblar berildi.
<iframe width="1335" height="751" src="https://www.youtube.com/embed/h9F90Ftn5G8" title="Ilm bilan amaliyot birlashganda xatolarga kam yo‘l qo‘yiladi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Oybek Davronov, Salimjon Obidjonov, O‘zA