“Ilk rivojlanish markazi” bolalarni rivojlantiradi, oilalarni mustahkamlaydi (+video)
Samarqand viloyatining Tayloq tumanida bugungi kunda 3-7 yoshli bolalarning maktabgacha ta’limga qamrovi 81 foizni tashkil etadi, qariyb 16 ming nafar bola maktabgacha ta’limga jalb qilingan. Ma’lumotlarga ko‘ra, qamrovning 4,8 foizi “Ilk rivojlanish markazi” hissasiga to‘g‘ri keladi.
“Ilk rivojlanish markazi” bu – Jahon bankining “Bolalarni erta yoshdan rivojlantirishni takomillashtirish” loyihasi asosida 2021 yilda yurtimizning Samarqand va Namangan viloyatlarida tashkil etilgan muassasalardir.
Samarqand viloyatidagi markaz faoliyati Toyloq pedagogika kolleji negizida yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bugungi kunda 838 oiladagi 955 nafar bolaga ta’lim-tarbiya berilmoqda.
– Markazimiz maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2021 yil 6 oktyabrdagi buyrug‘iga asosan Jahon bankining “Bolalarni erta yoshdan rivojlantirishni takomillashtirish” loyihasi asosida tashkil etilgan, – deydi Toyloq tumanidagi “Ilk rivojlanish markazi” koordinatori Zarina Zohidova. – Bizning oldimizga kam ta’minlangan, ijtimoiy ko‘makka muhtoj va ehtiyojmand oilalarning maktabgacha ta’limga qamrab olinmagan farzandlari, shuningdek, alohida ta’limga ehtiyoji bor bolalar bilan individual ishlash, ularning shaxsiyatini shakllantirish va ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish, zamonaviy inklyuziv maktabgacha ta’lim va tarbiya olishlari imkonini beruvchi qulay muhit yaratish, ijtimoiy moslashuvi va boshlang‘ich ta’limga tayyorligini ta’minlash, bu jarayonida bolaga va ota-onalarga har tomonlama yordam berish kabi vazifalar qo‘yilgan. Shundan kelib chiqib, uch oy davomida mahallalarda o‘rganish olib borib, bolalar ro‘yxatini tuzganmiz va 2022 yil yanvar oyidan 3 nafar pedagogimiz 30 nafar bolaning uyiga borib ta’lim-tarbiya berishni boshlagan. O‘yin guruhimizda esa mashg‘ulotlarni 2022 yilning mart oyida 3 guruhda boshlaganmiz. Uch yil ichida 2110 oilaning 2413 nafar bolasini, jumladan, 120 nafar alohida ta’limga ehtiyoji bor bolalarni qamrab olishga, ehtiyojmand oilalardagi muhitni yaxshilashga erishdik. Bu vazifalarni markazimizning yetmish nafarga yaqin pedagog va pedagog yordamchilari (assistentlar), mentorlar amalga oshirmoqda.
Markaz uchta muqobil model asosida faoliyat olib boradi.
Birinchi muqobil modelimiz – uyga tashrif buyurish dasturi bo‘lib, ijtimoiy himoyaga muhtoj, kambag‘al, kam kam ta’minlangan oilalarning bog‘chaga qamrab olinmagan 3-7 yoshgacha bo‘lgan bolalariga ta’lim-tarbiya berishga mo‘ljallangan. Lekin bolalar orasida bir yoshlilari ham bor. Bunda pedagog xodimimiz haftada kamida bir marta xonadonga borib, belgilangan dastur asosida bola bilan mashg‘ulot o‘tadi, u uchun o‘quv qurollari, yengil tamaddi uchun yegulik olib boradi. Hozir ushbu modelda 18 nafar pedagogimiz 337 oilaning 355 nafar bolasiga ta’lim-tarbiya bermoqda. Boshqacha aytgancha, tumanimizda mavjud 50 mahallaning 44 tasida pedagoglarimiz boradigan xonadonlar bor. Bu pedagoglarimizga 2 nafar mentor supervayzer sifatida yordam beradi. Har bir oila, har bir bola uchun rivojlanish rejasi ishlab chiqiladi va unda rivojlanish maqsadlari, bosqichlari va bolalarning rivojlanishi uchun kutilayotgan yakuniy natijalar belgilanadi.
Ikkinchi muqobil model bu – qisqa muddatli o‘yin guruhlari markazning o‘zida tashkil etilgan. 40 ta guruhda 568 nafar bola qamrab olingan. Ular bilan 20 nafar pedagog va 20 nafar pedagog yordamchisi (assistent), 1 nafar hamshira ishlaydi. Bu guruhga ham bolalar tuman bo‘yicha, shuningdek, qo‘shni Urgut va Samarqand tumanlaridan ham keladi. Ta’lim haftada besh kun, ikki navbatda – soat 8.00 dan 12.00 gacha va soat 13.00 dan 17.00 gacha olib boriladi. Bu vaqt davomida bolalarga yengil tamaddi beriladi. O‘yin mashg‘ulotlari “Ilk qadam” dasturi va Niderlandiyaning ICDI dasturi asosida olib boriladi. Buning uchun xodimlarimiz xalqaro ekspertlar ishtirokidagi o‘quv- seminarlarda qatnashgan, doimiy ravishda malaka oshirib boradi.
Bu modelga jalb qilingan bolalar ham kam ta’minlangan oilalar farzandlari, ta’lim olishga qiynalgan, alohida ta’limga ehtiyoji bor bolalar hisoblanadi. Ularga turli o‘yinlar orqali ta’lim-tarbiya beriladi va buning natijasida bolalar boshqalar bilan muloqot qilish, matnlarni yod olish ko‘nikmalarini o‘zlashtiradi, hatto o‘yinlar orqali jismoniy imkoniyati cheklangan, aqliy rivojlanishdan ortda qolgan bolalarda ijobiy o‘zgarishlar bo‘lganini kuzatyapmiz.
Ikkinchi muqobil modeldagi bolalarni markazga ota-onalari olib kelib, olib ketishadi.
Uchinchi muqobil model alohida ta’limga ehtiyoji bor bolalarga xonadonga borgan holda ta’lim-tarbiya berishga mo‘ljallangan. Bu modelda hozir 3 nafar pedagog tumanimiz bo‘yicha 33 nafar bolaga ta’lim-tarbiya bermoqda.
Xonadonga borib bolalarga mashg‘ulot o‘tadigan pedagoglarimizga ish haqidan tashqari yo‘l kira uchun ham haq to‘lanadi.
Bu modellarimiz kam ta’minlangan oilalar farzandlari, alohida ta’limga ehtiyoji bor bolalarning aqliy va jismoniy rivojlanishiga, ularni maktabga tayyorlashga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi bilan birga oilalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni yaxshilash, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, oilalar mustahkamligiga ham xizmat qilmoqda. Aynan markaz faoliyati tufayli oilalarga kirib borishimiz va ijtimoiy holat bilan tanishganimiz natijasida shu paytgacha 43 nafar ota-onaning ishga joylashishiga ko‘maklashdik. 30 nafar ehtiyojmand, ishsiz xotin-qizlarni o‘zimiz ishga qabul qildik, ularni o‘qityapmiz, kasb-hunarga yo‘naltiryapmiz. 45 nafar alohida ta’limga ehtiyoji bor bolaning salomatligi va rivojlanishida ijobiy o‘zgarishlar kuzatilib, ularning oddiy bog‘chaga borib ta’lim-tarbiya olishiga erishildi. Uch yil davomida markazda ta’lim-tarbiya olgan 259 nafar bola maktabga qabul qilindi. Jumladan, 23 nafar alohida ta’limga ehtiyoji bor bolaning 21 nafari maktabga qabul qilinib, boshqa tengdoshlari qatorida ta’lim-tarbiya olmoqda. Bu orqali markaz faoliyati samaradorligi 91 foizni tashkil etdi.
2024 yil 13 dekabr kuni davlatimiz rahbari tomonidan ijtimoiy himoya sohasida amalga oshirilgan ishlar natijadorligi va 2025 yil uchun ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida 2025 yilda mamlakatimiz tuman va shahalarlarida Toyloq va Kosonsoy tumanlari tajribasi asosida bosqichma-bosqich “Ilk rivojlanish markazlari” faoliyatini yo‘lga qo‘yish vazifasi belgilangan edi. Ushbu topshiriq asosida Samarqand viloyatida bu yil Ishtixon, Oqdaryo va Pastdarg‘om tumanlaridagi pedagogika kollejlari hamda Samarqand tumanidagi 49-umumiy o‘rta ta’lim maktabi negizida shunday markazlar tashkil qilish rejalashtirilgan. Ayni paytda bu boradagi ishlarga kirishilgan va mazkur tumanlar mas’ullari Toyloqqa kelib, tajriba o‘rganib ketmoqda.
– Videoselektorda Prezidentimizga markaz faoliyati haqida ma’lumot berganimizda u kishi bu tajribani butun mamlakatimizda keng joriy etish zarurligini ta’kidladilar, Toyloq tajribasi sifatida ommalashtirish bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berildi, – deya so‘zida davom etadi Zarina Zohidova. – Shundan buyon respublikamizning turli hududlaridan kelib faoliyatimiz bilan tanishishyapti, biz o‘z tajribalarimizni o‘rgatyapmiz. Biz ish boshlagan paytimizda ushbu tizim bo‘yicha hech qanday tajriba, biror bir qo‘llanma yo‘q edi. Xalqaro amaliyotni o‘rganib, ularni o‘zimizning milliy dasturlarimiz bilan uyg‘unlashtirib, bugungi natijalarga erishib turibmiz. Va bu tajribalarimizni biz boshqalarga o‘rgatishga tayyormiz. Samarqand viloyatida ham joriy yilda yana to‘rt tumanda ilk rivojlanish markazlari ochilishi kutilmoqda. Bu borada ham boshqa hududlardagi hamkasblarimizga yordam beryapmiz, ularga dasturlarimizni o‘rgatyapmiz.
[gallery-21811]
Yuqorida ta’kidlaganimdek, “Ilk rivojlanish markazi” bolalarni erta yoshdan rivojlantirish, ularning hayotga, jamiyatga ijtimoiy moslashuvini ta’minlashga xizmat qilishi bilan birga oilalardagi muhitga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Oilalarni kambag‘allikdan chiqarish, ijtimoiy ahvolini yaxshilashga turtki bermoqda.
Tumanning Navbahor mahallasida yashovchi Nargiza Shahriyorovaning ikki nafar qizi markazning birinchi muqobil modeli – uyga tashrif buyurish dasturi asosida o‘qigan. Ularning kattasi hozir maktabga, ikkinchisi bog‘chaga bormoqda. Ayni paytda Nargizaning uchinchi farzandi – Azizbekka pedagog Iroda Qodirova uyga kelib ta’lim-tarbiya bermoqda.
– Iroda opa o‘tgan yil sentyabr oyidan buyon Azizjon bilan shug‘ullanyapti, – deydi Nargiza Shahriyorova. – Yaxshi gapirolmasdi, bolalarga qo‘shilib ketolmasdi. Hozir ancha o‘zgarish bor, gapiryapti, sanashni o‘rgandi, hayvonlar nomini aytadi, kitobdagi shakllarni, ranglarni farqlaydi. O‘qituvchi mashg‘ulot o‘tib, vazifalar berib ketgach, o‘zim u bilan shug‘ullanyapman, vazifalarni birgalikda bajaryapmiz. Bolamdagi o‘zgarishlarni ko‘rib xursand bo‘laman. Bundan oldin o‘qituvchi opalariga ham dars o‘tgan. Hozir katta qizim 9 yoshda, maktabga boryapti. Ikkinchi farzandim ham markaz pedagogidan saboq olgach, bog‘chaga chiqdi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/UyUjWJFNbL4" title="“Ilk rivojlanish markazi” bolalarni rivojlantiradi, oilalarni mustahkamlaydi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Inson tabiati shunaqa – biror yangilik, tajribani o‘zimiz ko‘rmagunimizcha yoki unga guvoh bo‘lmagunimizga ishonishimiz qiyin. Biz ham garchi bu muassasa haqida shu paytgacha ko‘p eshitgan bo‘lsak-da o‘zimiz uning faoliyati bilan tanishib, shunga amin bo‘ldikki, Toyloqdagi singari “Ilk rivojlanish markazi” tashkil etilishi, xalqimiz uchun faqat va faqat foydali bo‘ladi va bu farzandlarimizning tom ma’noda erta rivojlanishiga va ko‘plab oilalardagi muhitning sog‘lomlashishiga yordam beradi.
G‘olib HASANOV, Alisher ISROILOV (surat),
O‘zA muxbirlari