Ikki bokschimiz WBA reytingida peshqadam
Butunjahon boks assotsiatsiyasi (WBA) professional bokschilarning yangilangan reytingini e’lon qildi. Unga ko‘ra, reytingdan 9 nafar bokschimiz o‘rin olgan bo‘lib, ularning ikki nafari o‘z vazn toifasida peshqadamlik qilmoqda.
Aniqroq aytadigan bo‘lsak, WBA reytingida Bektemir Meliqo‘ziyev super o‘rta vazn toifasida birinchi o‘ringa ko‘tarilgan bo‘lsa, Muhammad Shexov birinchi yarim yengil vazn toifasida yetakchi bo‘lib turibdi. Ushbu vazn toifasida Murodjon Ahmadaliyev ham kuchli uchlikdan joy olgan.
Shuningdek, yangilangan reytingda Hasanboy Do‘smatov minimal vazn toifasida 6-o‘rinni, Isroil Madrimov super yarim o‘rta vaznda 7-o‘rinni egallagan. Otabek Xolmatov yarim yengil vaznda, Shahram G‘iyosov esa yarim o‘rta vaznda 8-o‘rinlarda qayd etilgan. Sirochbek Ismoilov yengil vaznda, Ruslan Abdullayev birinchi yarim o‘rta vaznda 13-o‘rindan joy olgan.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA