Ijtimoiy xizmatlar qamrovi kengaymoqda
Sirdaryo viloyatida ijtimoiy xizmatlar tizimi orqali aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolarini o‘z vaqtida hal etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Natijada joriy yilning o‘tgan davrida ijtimoiy xizmat va yordamlar bo‘yicha kelib tushgan 80 ming 656 ta murojaat ko‘rib chiqilib, ular asosida 59 ming 729 ta ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatildi.
– Bugungi kunda viloyatda 5 ming 214 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqaro aniqlangan. Ularning asosiy qismini mehnat migratsiyasiga ketgan ota-onalar farzandlari, tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlar, yolg‘iz keksalar hamda nogironligi bo‘lgan shaxslar tashkil etadi, – deydi Ijtimoiy himoya milliy agentligi Sirdaryo viloyati boshqarmasi bo‘lim mudiri Farhod Norinberdiyev

Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Viloyatda istiqomat qilayotgan 39 ming 851 nafar nogironligi bo‘lgan shaxsning ijtimoiy faolligini oshirish maqsadida 750 nafar fuqaroning bandligi ta’minlanishiga ko‘maklashildi. Shuningdek, 602 nafar shaxs parasport mashg‘ulotlariga jalb etildi, 948 nafar fuqaro reabilitatsiya xizmatlari bilan qamrab olindi. Ularga 1 ming 489 ta reabilitatsiya vositasi va protez-ortopediya mahsulotlari yetkazib berildi.

Bolalarni ijtimoiy himoya qilish yo‘nalishida ham tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Ayni paytda 308 nafar yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bola, 2 ming 504 nafar mehnat migratsiyasiga ketgan ota-onalar farzandi ijtimoiy kuzatuv va qo‘llab-quvvatlash choralari bilan qamrab olingan. Shu bilan birga, 174 nafar bola inklyuziv ta’lim va rivojlantirish xizmatlariga jalb etilgan.
Xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida ham tizimli ishlar olib borilmoqda. Joriy yilda tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan 1 ming 440 nafar xotin-qizga himoya orderlari berildi. Tuman va shaharlarda tashkil etilgan 10 ta “Birlamchi ko‘mak” xonasi orqali ularga ijtimoiy, huquqiy va psixologik xizmatlar ko‘rsatilmoqda.

O‘zgalar parvarishiga muhtoj 565 nafar yolg‘iz keksa va nogironligi bo‘lgan shaxs doimiy ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olingan. Ularning 348 nafariga qonunchilikda belgilangan tartibda kompensatsiya to‘lovlari tayinlangan.
Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashning muhim mexanizmlaridan biri bo‘lgan “Ijtimoiy reyestr” axborot tizimi orqali 16 ming 537 ta oila davlat ijtimoiy yordamlaridan foydalanmoqda. Shundan 13 ming 969 tasi bolalar nafaqasi, 890 tasi esa moddiy yordam oluvchi oilalar hisoblanadi. Yil boshidan mazkur oilalarni qo‘llab-quvvatlash uchun 7,5 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ ajratildi.

Shuningdek, “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 5 ming 467 ta holat bo‘yicha yordam ko‘rsatildi. Bu maqsadlar uchun 4 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirildi.
– Manzilli ijtimoiy xizmatlarni yanada samarali tashkil etish maqsadida keys-menejment tizimi joriy etilgan. Ushbu tizim orqali 2 ming 318 ta oila bo‘yicha ijtimoiy keys shakllantirilib, ular uchun 7 ming 38 ta xizmat va yordam turi belgilangan. Hozirga qadar mazkur xizmatlarning 4 ming 228 tasi amalda ko‘rsatildi, – dedi Ijtimoiy himoya milliy agentligi Sirdaryo viloyati boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Hojiakbar Ostonaqulov.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri