Milliy qonunchilikni Jahon savdo tashkiloti talablariga muvofiqlashtirish jarayoni qanday ketmoqda?
Mamlakatimizda Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish maqsadi yo‘lida keng ko‘lamli islohotlar izchillik bilan amalga oshirilmoqda. Bu borada JST a’zolari tomonidan O‘zbekistonda bozor iqtisodiyotiga o‘tish bilan bog‘liq jadal islohotlar amalga oshirilayotgani ijobiy e’tirof etilmoqda.
JSTga a’zolik O‘zbekiston iqtisodiyoti rivojida alohida ahamiyatga ega hisoblanadi. Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish uchun, avvalo, milliy qonunchilimizni xalqaro savdo huquqining umume’tirof etilgan qoidalariga muvofiqlashtirish, mukammal huquqiy asoslarni shakllantirish lozim bo‘ladi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Qonunchilikni Jahon savdo tashkiloti bitimlariga uyg‘unlashtirish bo‘yicha komissiyasi tomonidan o‘tkazilgan davra suhbatida ayni masalalar muhokama qilindi.

“Savdodagi himoya choralari bo‘yicha milliy qonunchilikni Jahon savdo tashkiloti talablariga muvofiq takomillashtirishning dolzarb masalalari” mavzuidagi tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari, Qonunchilikni JST bitimlariga uyg‘unlashtirish bo‘yicha komissiyasi raisi Rahimjon Hakimov O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayoni doirasida ko‘p va ikki tomonlama muzokaralarda salmoqli natijalarga erishilayotganini qayd etdi.
Ta’kidlanganidek, Qonunchilik palatasida Qonunchilikni Jahon savdo tashkiloti bitimlariga uyg‘unlashtirish bo‘yicha komissiya faoliyati ham yo‘lga qo‘yildi. Komissiyaning asosiy vazifalaridan biri Qonunchilik palatasiga kiritilayotgan qonun loyihalarining Jahon savdo tashkiloti talablariga muvofiqligini o‘rganish, bu borada parlament nazoratini amalga oshirish, shuningdek, davlat organlari va ekspertlar bilan hamkorlikda zarur takliflarni ishlab chiqishdan iborat.

Qayd etilganidek, Komissiya tomonidan birgina 2025-yil davomida Qonunchilik palatasiga kiritilayotgan 14 qonun loyihasi Jahon savdo tashkiloti talablariga muvofiqligi nuqtai nazaridan huquqiy ekspertizadan o‘tkazildi. Tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda muhokamalar, davra suhbatlari, ilmiy-amaliy konferensiyalar hamda seminarlar tashkil etildi. 2026-yilning dastlabki davrida ham sanitariya va fitosanitariya choralari, litsenziyalash, ruxsat berish, standartlashtirish, muvofiqlikni baholash, texnik tartibga solish, mahsulotlarning umumiy xavfsizligi va bozor nazorati bilan bog‘liq qonun loyihalari JST talablariga muvofiqligi jihatidan ko‘rib chiqildi.

Davra suhbatida savdodagi himoya choralari bo‘yicha milliy qonunchilikni takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlari, shuningdek, kelgusida Qonunchilik palatasi muhokamasiga kiritilishi kutilayotgan dempingga qarshi, kompensatsiya va maxsus himoya choralari to‘g‘risidagi qonun loyihalari yuzasidan yagona yondashuvlarni shakllantirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Deputatlar tomonidan savdodagi himoya choralari sohasidagi milliy qonunchilikni takomillashtirish, qonun loyihalarini parlament muhokamasiga puxta tayyorlash hamda mazkur jarayonda ekspertlik va ilmiy-tahliliy ko‘makni kuchaytirish yuzasidan takliflar bildirildi. Bu boradagi vazifalar belgilab olindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA