Ijtimoiy sug‘urta tizimining 2-bosqichi boshlanmoqda (+video)
Navoiy shahridagi Yoshlar markazida Davlat ijtimoiy sug‘urtasi tizimidagi yangi tartiblar, ijtimoiy sug‘urta tizimining 2-bosqichi yuzasidan seminar bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2025-yil 3-noyabr kuni qabul qilingan “Davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha to‘lovlarni tayinlash va to‘lash tizimini takomillashtirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni mazmun-mohiyati haqida so‘z yuritildi.
Seminar ishtirokchilari Davlat ijtimoiy sug‘urtasi tizimini takomillashtirish, aholini og‘ir hayotiy vaziyatlarda moddiy qo‘llab-quvvatlash, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik davrida daromadsiz qolish xavfini kamaytirish hamda rasmiy bandlikni rag‘batlantirishga qaratilgan yangi tartiblar yuzasidan batafsil ma’lumotlarga ega bo‘ldi.
– Qaror ijrosi bo‘yicha bo‘layotgan seminarda ko‘p narsani o‘rgandik, – deydi “Navoiy viloyat magistral elektr tarmoqlari” AJ mutaxassisi Ruxsora Tosheva. – Ijtimoiy sug‘urta tomonidan ayollarimizni jamiyatdagi ijtimoiy ahvolini yaxshilash, ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan qatlamni qo‘llab-quvvatlash bizning ishimizga ham juda katta foyda beradi, ya’ni ish jarayoni raqamlashtiriladi, osonlashtiriladi, qog‘ozbozlik kamayadi. Bugungi kunga qadar dekret ta’tiliga bitta xodimni jo‘natdik. Ijtimoiy sug‘urta tomonidan to‘lovlar qilindi. Bu ham ish beruvchiga, ham xodimga, ham bizga juda katta manfaatli bo‘ldi. Kasallik varaqalari ham birinchi iyuldan boshlab ijtimoiy sug‘urta bilan to‘lovlar qilinadi. O‘ylaymizki, bu yaxshi foyda beradi.
[gallery-30119]
Tadbirda Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan homiladorlik va tug‘ish nafaqalarini tayinlash hamda to‘lashning yangi tartiblari keng tushuntirilib, amaliyotda uchrayotgan savollarga mutaxassislar tomonidan atroflicha javob berildi.
Mazkur seminar aholining huquqiy xabardorligini oshirish, Davlat ijtimoiy sug‘urtasi tizimining mazmun-mohiyatini keng targ‘ib etish hamda fuqarolarning ijtimoiy himoya sohasidagi huquqlarini ta’minlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
<iframe width="863" height="473" src="https://www.youtube.com/embed/mMLNbh_DsEQ" title="Ijtimoiy sug`urta tizimining 2-bosqichi boshlanmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat, video), O‘zA muxbirlari