Ijtimoiy reyestr: nafaqa olishning yangi qoidalari nimani anglatadi?
2026-yildan boshlab aholini ijtimoiy himoya qilish tizimida muhim o‘zgarish amalga oshirildi.
Endi davlat tomonidan ko‘rsatiladigan ijtimoiy yordam faqat daromadga emas, balki oilaning ijtimoiy holati, mehnatga munosabati va ehtiyoj darajasiga qarab baholanadi. Buning uchun "Ijtimoiy himoya yagona reyestri" hamda "Kambag‘al oilalar reyestri" negizida yagona Ijtimoiy reyestr joriy etildi.
Mazkur tizimning asosiy maqsadi davlat yordamini haqiqatan ham unga muhtoj bo‘lgan oilalarga yetkazish, ijtimoiy himoya mexanizmlarini shaffoflashtirish va mehnatga layoqatli aholini rasmiy bandlikka rag‘batlantirishdan iborat.
Uch toifa — uch xil yondashuv
Yangi tartibga ko‘ra, reyestrga kiritilgan oilalar "davlat ta’minotidagi oila", "kambag‘al oila" va "kambag‘allik chegarasidagi oila" kabi uch toifaga ajratiladi.
Davlat ta’minotidagi oilalar tarkibida mehnat qilish imkoniyati cheklangan shaxslar bo‘ladi. Masalan, I va II guruh nogironligi bo‘lgan fuqarolar, boquvchisini yo‘qotgan yoki farzandini yolg‘iz tarbiyalayotgan oilalar, og‘ir kasallikka chalingan a’zosi bor xonadonlar shu toifaga kiradi. Bu oilalarga bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam ularning maqomi saqlanib turgan davrda to‘lab boriladi.
Kambag‘al oilalar esa mehnatga layoqatli a’zolari mavjud bo‘lgan, biroq daromadi yetarli bo‘lmagan xonadonlardir. Ularga nafaqa yoki moddiy yordam olti oy muddatga tayinlanadi. Biroq bu davrda mehnatga layoqatli a’zolarning rasmiy bandligi ta’minlanishi shart hisoblanadi.
Uchinchi toifa — kambag‘allik chegarasidagi oilalar. Bu yerda har bir oila a’zosiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik daromad minimal iste’mol xarajatlarining bir baravaridan bir yarim baravarigacha bo‘ladi. Bunday oilalar ham belgilangan tartib asosida olti oy muddatga davlat qo‘llab-quvvatlovidan foydalanishi mumkin.
Nafaqa olish uchun rasmiy bandlik nega muhim?
Yangi tizimning eng muhim jihati shundaki, davlat yordami faqat moddiy qo‘llab-quvvatlash bilan cheklanmaydi. U fuqarolarni mehnat bozoriga jalb qilishni ham ko‘zlaydi.
Shuning uchun kambag‘al oila toifasidagi mehnatga layoqatli shaxs ishga joylashishi, yakka tartibdagi tadbirkor sifatida faoliyat yuritishi, o‘zini o‘zi band qilgan fuqaro sifatida ro‘yxatdan o‘tishi yoki bandlik xizmatiga ish qidiruvchi sifatida murojaat qilishi lozim.
Agar ushbu talablar bajarilmasa, bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam to‘xtatiladi. Biroq bu oilaning Ijtimoiy reyestrdan chiqarilganini anglatmaydi. U boshqa ijtimoiy xizmatlar va imtiyozlardan foydalanish huquqini saqlab qoladi.
Hammaga ham rasmiy bandlik talabi qo‘yilmaydi
Qonunchilikda ayrim fuqarolar uchun yengilliklar ham nazarda tutilgan. Jumladan, uch yoshgacha farzand parvarishlayotgan onalar, kunduzgi ta’limda tahsil olayotgan talabalar, pensiya yoshidagi shaxslar, pensiya va nafaqa oluvchilar, nogironligi bo‘lgan shaxslarga qarayotgan fuqarolar, mehnat migrantlari, kasbga o‘qitish yoki malaka oshirish kurslarida ishtirok etayotganlar hamda o‘zini o‘zi band qilgan ayrim toifadagi shaxslarga nisbatan rasmiy bandlik talabi tatbiq etilmaydi.
"Rasmiy ishlayapman" degani doim ham yetarli emas
Ko‘pchilikni qiziqtirayotgan masalalardan yana biri — rasmiy bandlik qanday baholanishi.
Masalan, yakka tartibdagi tadbirkor uch oy davomida belgilangan soliqni to‘lamagan bo‘lsa, xodimning ish haqi qonunchilikda belgilangan eng kam ish haqidan past bo‘lsa yoki mehnat shartnomasi "Yagona milliy mehnat tizimi"da ro‘yxatdan o‘tmagan bo‘lsa, u rasmiy band hisoblanmasligi mumkin.
Bu esa nafaqa tayinlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ijtimoiy himoyaning yangi bosqichi
Ijtimoiy reyestrning joriy etilishi davlat ijtimoiy siyosatining yangi bosqichini boshlab berdi. Endi nafaqa va moddiy yordam tayinlashda insonning ehtiyoji bilan birga uning mehnat bozoridagi faolligi ham hisobga olinadi.
Mutaxassislarning fikricha, mazkur tizim bir tomondan haqiqatan muhtoj oilalarni aniqlash imkonini bersa, ikkinchi tomondan mehnatga layoqatli aholining rasmiy bandligini oshirish, yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish va aholi daromadlarini barqarorlashtirishga xizmat qiladi.
Demak, yangi tartibning asosiy g‘oyasi oddiy: davlat yordami muhtojlarga yetkaziladi, mehnat qilish imkoniyati borlarga esa ish bilan ta’minlanish orqali barqaror daromad manbai yaratishga ko‘maklashiladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA