Qashqadaryoda «Yangi O‘zbekiston» va «Pravda Vostoka» gazetalari kunlari o‘tkazildi
Qarshi davlat universitetida «Yangi O‘zbekiston» va «Pravda Vostoka» gazetalari kunlari doirasida ijodiy uchrashuv hamda «Yangi O‘zbekiston orzusi» kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda «Yangi O‘zbekiston» va «Pravda Vostoka» gazetalari bosh muharriri Salim Doniyorov, bosh muharrir o‘rinbosari Abubakr O‘rozov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi, professor Abdurahim Erkayev, Qashqadaryo viloyati hokimi o‘rinbosari Farhod Kushakov, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning Qashqadaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili Lola Saodatova, Qarshi texnika universiteti prorektori, filologiya fanlari doktori Abror Murtazoyev, professor-o‘qituvchilar, ijodkorlar, talaba-yoshlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Uchrashuvda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni aholiga tezkor va xolis yetkazishda milliy bosma nashrlarning o‘rni, zamonaviy jurnalistika rivojida tahliliy materiallarning ahamiyati xususida fikr almashildi.

Ta’kidlanganidek, «Yangi O‘zbekiston» va «Pravda Vostoka» gazetalari nafaqat bosma shaklda, balki rasmiy veb-sayt va ijtimoiy tarmoqlarda ham faol faoliyat yuritib, keng kitobxonlar auditoriyasiga dolzarb axborot va tahliliy materiallarni yetkazib kelmoqda. Bu, ayniqsa, yoshlarning mamlakatda kechayotgan siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy jarayonlar haqida xolis va tahliliy ma’lumotlar bilan tanishish imkoniyatini kengaytirmoqda.

Qarshi texnika universiteti prorektori, filologiya fanlari doktori Abror Murtazoyev matbuotning jamoatchilik fikrini shakllantirishdagi o‘rniga to‘xtalar ekan, bosma nashrlar nafaqat axborot manbai, balki muayyan davr voqealarini tarix uchun muhrlab qoldiradigan muhim hujjat vazifasini ham bajarishini ta’kidladi.

Uning qayd etishicha, «Yangi O‘zbekiston» gazetasi mamlakatda amalga oshirilayotgan siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarni keng yoritish, davlat siyosatining mazmun-mohiyatini aholiga tushunarli tarzda yetkazish, dolzarb masalalarni muhokama maydoniga olib chiqish hamda tahliliy jurnalistikani rivojlantirishni ustuvor vazifalaridan biri sifatida belgilagan.

Tadbir doirasida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Salim Doniyorov muallifligidagi «Yangi O‘zbekiston orzusi» kitobining taqdimoti ham o‘tkazildi. Asarda mamlakatimizda kechayotgan islohotlar, yangilanish jarayonlari hamda xalqning orzu-intilishlari publitsistik tahlillar orqali yoritilgan.

Senat a’zosi Abdurahim Erkayev mazkur kitobda davlat siyosatining mazmun-mohiyati, Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat g‘oyalari o‘z aksini topganini ta’kidladi. Shuningdek, «Yangi O‘zbekiston» gazetasida ichki va tashqi siyosat, iqtisodiyot, sanoat, qishloq xo‘jaligi, raqamli texnologiyalar, ta’lim, fan, madaniyat va xalqaro munosabatlarga oid materiallar zamonaviy jurnalistika talablari asosida yoritilayotgani e’tirof etildi.
Uchrashuv yakunida talaba-yoshlar o‘rtasida viktorina tashkil etildi. Faol ishtirok etib, savollarga to‘g‘ri javob bergan qatnashchilarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri