Ijtimoiy himoya natijalari insonlar hayotida o‘z aksini topmoqda
Mamlakatimizda aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan oilalarga manzilli yordam ko‘rsatish hamda ularning turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Qarshi shahridagi Geolog mahallasida faoliyat yuritayotgan ijtimoiy xodim O‘g‘iloy Razzoqovaning ta’kidlashicha, keyingi ikki yil davomida mahallada ijtimoiy ko‘makka muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 80 dan ortiq holat bo‘yicha individual ish rejalari ishlab chiqilgan. Ularning aksariyati bo‘yicha muammolar ijobiy hal etilgan.

Jumladan, mahallada yashovchi Marhabo Safarovaning oilaviy sharoiti o‘rganilib, unga kam ta’minlangan oilalar uchun belgilangan bolalar nafaqasi tayinlandi. Nogironligi bo‘lgan farzandi esa reabilitatsiya xizmatlaridan foydalanishi uchun ixtisoslashtirilgan markazga yo‘naltirildi.

Shuningdek, mahalla aholisi vakillaridan biri Muhammad Murodov oilasiga ham bir qator ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatildi. Xususan, nogironligi bo‘lgan farzandi texnik reabilitatsiya vositasi bilan ta’minlandi, oilaga moddiy yordam ajratildi hamda davolanish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplashda ko‘mak berildi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bunday manzilli ishlar ijtimoiy himoyaga muhtoj aholining turmush sifatini yaxshilash, ularning jamiyat hayotida faol ishtirok etishi uchun zarur sharoit yaratishga xizmat qilmoqda.

Qayd etilishicha, ijtimoiy himoya tizimi nafaqat moddiy ko‘mak ko‘rsatish, balki insonlarning muammolarini hal etish, ularning hayotga bo‘lgan ishonchi va faolligini mustahkamlashda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri