Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimidagi muassasalarning ayrim lavozimlari uchun mehnatga haq to‘lash shartlari belgilandi
Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamiga xizmat ko‘rsatuvchi mutaxassislar mehnati hamisha e’tiborga molik.
Shuni hisobga olgan holda Adliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimidagi tibbiy-ijtimoiy muassasalarning ayrim lavozimlari uchun mehnatga haq to‘lash shartlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.
2026-yil 25-iyunda qabul qilingan Mazkur idoraviy hujjatda quyidagi tibbiy-ijtimoiy muassasalardagi direktor, bosh vrach, direktorning (bosh vrachning) o‘rinbosarlari, shu jumladan tibbiyot ishlari bo‘yicha o‘rinbosar, bosh hamshira, bosh buxgalter, buxgalter, iqtisodchi, kadrlar bo‘yicha inspektor va ijtimoiy xodimlarning mehnatga haq to‘lash razryadlari belgilangan.
Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazlari;
Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun «G‘amxo‘rlik» markazlari;
Nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash milliy markazi va uning hududiy markazlari;
Keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, urush va mehnat faxriylari uchun sanatoriylar.
Yuqoridagi tibbiy-ijtimoiy muassasalarning direktor (bosh vrach)lari, direktor (bosh vrach)ning o‘rinbosarlari, shu jumladan tibbiyot ishlari bo‘yicha o‘rinbosari, bosh buxgalteri, buxgalteri, iqtisodchisi, kadrlar bo‘yicha inspektori va ijtimoiy xodimlariga ko‘p yillik faoliyati uchun quyidagi miqdorlarda har oylik ustama to‘lanadi:
1 yildan 3 yilgacha 30 foiz;
3 yildan 5 yilgacha 60 foiz;
5 yildan 10 yilgacha 80 foiz;
10 yildan 15 yilgacha 100 foiz;
15 yil va undan yuqori 120 foiz.
Sherbek Islomov, O‘zA