Ichimlik suv: muammolar, vazifalar, rejalar
Toshkent viloyati hokimligi va “Toshkent viloyati suv ta’minoti” AJ hamkorligida OAV vakillari uchun press-tur tashkil etildi. Toshkent viloyati aholisini toza ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasini oshirish, hududlarda ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash borasidagi sa’y-harakatlar yil sayin kengaymoqda.
Hudud bo‘yicha 2025 yil 1 mart holatiga ko‘ra jami 1 ming 25 ta mahallaning 758 tasi to‘liq va 214 tasi qisman markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlangan. Qolgan 53 ta mahalla esa markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanmagan. “Toshkent viloyati suv ta’minoti” AJ tasarrufida jami 862 ta suv inshootlari mavjud bo‘lib, jamiyatning shahar va tuman filiallari tasarrufida bo‘lgan suv inshootlaridagi nasos agregatlari orqali kunlik o‘rtacha 400-500 ming kub metr ichimlik suvi ishlab chiqarilmoqda.
Ta’kidlash lozim, o‘tgan davrda Osiyo taraqqiyot banki ishtirokidagi loyihalar bo‘yicha amalga oshirilgan bunyodkorlik ob’ektlari natijasida ko‘plab oilalar xonadoniga toza suv yetkazildi. Xususan, 1-bosqich 4-paket “MESMER-EAST mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan 3 ta – URV-2, URV-3 va URV-4 suv ko‘tarish inshootlari ishga tushirildi. Bu loyihalardan oldin Toshkent tumani aholisining 78,9 foizi jadval asosida ichimlik suvi bilan ta’minlangan bo‘lsa, tizimli ishlardan so‘ng 90,8 foiz aholi doimiy ravishda ichimlik suviga ega bo‘ldi. Muhimi, shundan 2 ming 443 ta xonadon ilk bor ichimlik suv tarmog‘iga ulandi.
[gallery-23226]
Barcha suv ko‘tarish inshootlarida Germaniyaning aqlli hisoblagichlari, zamonaviy elektr tejamkor nasos agregatlari o‘rnatilgan. Bu esa toza ichimlik suvini belgilangan tartibda aholi xonadonlariga yetkazib berishga xizmat qiladi.
Press-tur davomida OAV vakillariga dastlab “Ahillik” mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan “Keles” suv ko‘tarish inshooti faoliyati ko‘rsatildi. Mazkur suv inshooti 1978 yilda ishga tushirilgan va 2 ta 3 ming kub metrli suv saqlash hovuzi barpo qilingan. Ishga tushirilgan vaqtdan hozirgi kunga qadar hududdagi 6 ta MFYning 43 ta ko‘chasidagi aholi xonadoniga ichimlik suvi yetkazib berilgan. Bu ob’ekt zamonaviy tarzda qayta ishga tushirilishi tufayli endilikda xonadonlar uzluksiz ichimlik suvi bilan ta’minlandi.
– Avvallari ko‘plab aholi xonadonlarida suv quduqlari bo‘lardi, ayrimlariga suv quvurlari turtilmagandi, – deydi Xalq deputatlari Toshkent tumani Kengashi deputati Mirusmon Islomov. – Ko‘pchilik uzoq masofadan suv tashib ichgan. Davlatimiz tomonidan aholiga qulaylik yaratilayotgani tufayli ko‘p manzillarda ichimlik suviga ehtiyoj yaxshilandi. Tuman kengashi deputatlari bilan joylarda o‘tkazgan suv ta’minoti bo‘yicha o‘rganishlarda juda ko‘plab muammolar borligi ma’lum bo‘ldi. Ularni tizimli ravishda hal qilish choralari ko‘rilmoqda. Ishonamanki, yaqin yillarda tumanimiz aholisi to‘liq suv ta’minoti bilan ta’minlanadi.
Shuningdek, press-tur davomida jurnalistlar Xiyobon mahallasidagi “Oydin” ko‘chasidagi aholiga toza ichimlik suvi tarmog‘ini tortish ishlari bilan tanishdi. Shu bilan birga, Diydor mahallasidagi foydalanishga topshirilishi arafasida turgan 5-suv ko‘tarish inshooti qurilishi jarayonlari ko‘zdan kechirdi.
A.Musayev, A.Alijonov (surat), O‘zA.